Britaniyaning ommabop "BBC travel" portalida O'zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga bag'ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, Ipak yo'li tarixi ushbu yo'l 500 yildan ortiq vaqt davomida foydalanilmaganiga qaramay, Markaziy Osiyoga ko'plab sayohatchilarni jalb etishda davom etmoqda.
"O'zbekiston yirik savdo markazlari bo'lgan uchta shahar – Buxoro, Xiva va Samarqandning Vatani bo'libgina qolmay, oshxonadan tortib, hayratlanarli me’morchilik va manzaralarni ham taklif eta oladi. G'arbiy Tyan-Shandagi Chotqol tog' tizmasi va sharqdagi keng Farg'ona vodiysi bo'yidagi manzaradan tortib, bir vaqtlar Ipak yo'li bo'ylab sayohatchilarni O'zbekistonga olib borgan tarixiy Kalon minorasi shular jumlasidandir", – deyiladi maqolada.
Portalning yozishicha, tabiat mo'jizalarini kashf etish yoki mazali taomlarni tatib ko'rish istagida bo'lganlar uchun O'zbekiston ajoyib joy hisoblanadi.
Qayd etilishicha, O'zbekiston miloddan avvalgi II asrdan XV asr o'rtalarigacha Ipak yo'li orqali dunyoga chiqqan. 6400 km quruqlik va dengiz yo'llari Osiyo, Sharqiy Afrika va Janubiy Yevropani bog'lagan. G'arbda choy, bo'yoq, chinni kabi mahsulotlar mashhur bo'lgan bo'lsa, Sharqda tuya, ot, asal, vino va oltinga talab katta edi.
"Albatta, savdo-sotiq tufayli aralash madaniyatlar paydo bo'ldi, bunda har bir sulola va imperiya o'z izini qoldirgan. Bu izlarning aksariyatini YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan madaniyatlar chorrahasi deb ataladigan Samarqandda ko'rish mumkin. Qadimiy Afrosiyob shahri vayron qilinganidan keyin arxeologik yodgorlik sifatida saqlanib qolgan", – deb yozadi "BBC travel".
Ta’kidlanishicha, O'zbekiston Ipak yo'liga yaqin bo'lganligi sababli tashqi ta’sirlarga ochiq edi, buni islom me’morchiligi, san’ati va ilm-fanida ko'rish mumkin. VIII asrda islom dini tarqalishi bilan Ipak yo'li bo'yidagi shaharlar gullab-yashnab, islomning oltin davri boshlangan.
"Mamlakatdagi ko'plab gumbazli masjidlar diqqatga sazovordir, jumladan, Samarqanddagi mashhur Bibixonim masjidi, bir vaqtlar islom olamidagi eng katta masjid bo'lgan. Ular ko'k va tillarang freskalar, firuza gumbazlar, moviy mozaikali devorlar va gumbazli minoralar bilan qayta ta’mirlandi", – deya davom etadi mualliflar.
"BBC travel" portali "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi boshqa davlatlar bilan to'g'ridan to'g'ri aloqaga ega ekanligini qayd etgan holda maqolani yakunlaydi. Aviakompaniya Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerika davlatlari bilan aloqalari tufayli odamlarga O'zbekistonda sayohat qilish imkonini beradi. O'zbekistonning boy madaniyati va an'analarini anglash imkoniyati hech qachon hozirgidek oson bo'lmagan