Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
«BBC Travel»: «Silk Road Samarkand» majmuasi Samarqandning tarixiy shon-shuhratiga hamohang tarzda bunyod etilgan - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

«BBC Travel»: «Silk Road Samarkand» majmuasi Samarqandning tarixiy shon-shuhratiga hamohang tarzda bunyod etilgan



Britaniyaning «BBC Travel» radioeshittirish korporatsiyasi veb-saytida Samarqand shahrining boy tarixiy merosi va zamonaviy rivojlanishiga bag'ishlagan maqola joylashtirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

«Samarqand 2500 yildan ortiq vaqt mobaynida qadimiy Ipak yo'lidagi muhim savdo markazi bo'lib kelgan, - deb yozilgan maqola muqaddimasida. - Endi bu o'zbek shahrida yangi yirik sayyohlik majmuasi paydo bo'ldi. Ushbu majmua Samarqandning tarixiy shon-shuhratiga hamohang tarzda bunyod etilgan».

 

Materialda Samarqand shahridagi qadimiy inshootlar haqidagi muhim ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga havola qilingan. "Shoxi-Zinda" ansambli Samarqandning eng muqaddas joyidir, deydi bizga yo'lboshchilik qilgan Katya. Biz islom dinining buyuk shaxslaridan biri Qosim ibn Abbos nomi bilan ataladigan ushbu ulkan maqbara bo'ylab sayohat qildik».

 

Maqolada ta'kidlanishicha, Ipak yo'lining durdonasi, madaniyat va ma'rifat markazi bo'lgan Samarqand, gavjum bozorlari, mahobatli obidalari bilan ko'plab shoirlarni ham ilhomlantirgan. Ular orasida Jeyms Elroy Fleker ham bor. Fleker ushbu shaharga sayohati davomida olgan taassurotlari natijasida o'zining mashhur «Samarqandga oltin sayohat» deb nomlagan kitobini yozgan.

 

«Samarqandda yangi qurilgan aeroportdan yigirma daqiqalik masofada Amir Temur orzu qilganidek, ulug'vorlik kasb etgan «Silk Road Samarkand» sayyohlik majmuasi joylashgan. Sakkizta osmono'par mehmonxona va sog'lomlashtirish markazlari bir vaqtlar eshkak eshish mashg'ulotlari uchun foydalanilgan keng kanal atrofida joylashgan. Velosiped yo'laklari bilan bog'langan va minglab yosh daraxtlar bilan qoplangani majmua yaqinda bunyod etilganidan darak beradi»,-deya ta'kidlagan Britaniya elektron nashri.

 

Maqolada «Silk Road Samarkand» Markaziy Osiyodagi eng yirik majmua ekanligi va uning qiymati taxminan 580 million dollarga tengligi qayd etilgan.

 

«Samarqandning tarixiy markazida bunday keng miqyosdagi loyihani qurish uchun joy yo'q. Shuning uchun biz uni ushbu xushhavo yerda qurdik», – deya loyiha bosh menejeri Roland Obermayer so'zlaridan iqtibos keltirilgan materialda.

 

«BBC Travel» «Silk Road Samarkand» majmuasi hududidagi mahobatli «Boqiy shahar» ansambliga ham alohida e'tibor qaratgan.

 

Nashrda kulollar sulolasining oltinchi avlod vakili Abdulla Narzullayevning mazkur inshoot haqidagi quyidagi fikrlari keltirilgan: «Samarqandni madaniyat markaziga aylantirgan Amir Temur singari «Boqiy shahar» ham O'zbekiston san'ati va qadimiy an'analarini asrab-avaylashga xizmat qiladi».

 

Materialda, shuningdek, amaldagi mamlakat rahbari 2021-yilda o'z lavozimiga qayta saylanganidan so'ng sud-huquq tizimini, iqtisodiyotni liberallashtirish va yangi ochiqlik siyosatini amalga oshirish orqali Yangi O'zbekistonni barpo etish g'oyasini ilgari surgani alohida urg'ulangan. «Ayrim muammolar hal qilindi. Jumladan, bir paytlar millionlab o'zbekistonliklarni (jumladan, bolalarni) paxta dalalarida ishlashga majbur qilgan majburiy mehnatga butunlay barham berildi», - deyiladi manbada.

 

Elektron nashr, shuningdek, O'zbekiston aholisi soni eng tez o'sayotgan mamlakatlardan biri ekanligini ta'kidlagan.

 

Maqola Abdulla kulolning qo'yidagi so'zlari bilan yakunlangan: «Ko'rdingizmi, biz yana yaratyapmiz. Biz yana yashaymiz. Alalxusus, Konfutsiy aytganidek, «Qanchalik sekin yurishingiz muhim emas, asosiysi to'xtamaslikdir».