Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Yurtdoshimiz «Dunyoning 100 ayol me'mori» kitobiga kiritilgan - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Yurtdoshimiz «Dunyoning 100 ayol me'mori» kitobiga kiritilgan



Avval ma'lum qilganimizdek, yurtdoshimiz Taxmina Turdialiyeva Britaniya me'morlari Qirollik institutining «Dunyoning 100 ayol me'mori» kitobiga kiritilgan edi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Londonda ushbu kitobning taqdimoti bo'lib o'tdi. Britaniya me'morlari Qirollik instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda dunyoning turli burchaklaridan ishtirokchilar onlayn va oflayn formatda qatnashdilar. 

 

Toshkent arxitektura-qurilish instituti hamda Xitoyning Xuachjun fan va texnologiya universiteti bitiruvchisi Taxmina Turdialiyeva xalqaro arxitektura tanlovlarida g'oliblikni qo'lga kiritib, o'zining professional mahoratini namoyon qildi. Uning faoliyati Xitoy va Italiyadagi loyihalarni qamrab oladi va bugungi kunda u Toshkentda o'zining «TT Design Lab» me'morlik studiyasini muvaffaqiyatli boshqarmoqda.

 

Arxitektura olamidagi so'nggi o'n yillik gender muvozanatiga erishish istagi bilan ajralib turdi. Biroq, me'mor ayollarning ishi va yutuqlari ko'pincha e'tiborga olinmaydi. «Dunyoning 100 ayol me'mori» kitobi xotin-qizlarning me'moriy muhitga qo'shgan hissasini munosib e'tirof etgan. Xususan, nashrda Taxmina Turdialiyeva ijodiy merosiga o'ziga xos nuqtai nazar bilan yondashilgan.

 

Kitobda Taxmina Turdialiyeva tomonidan poytaxtimizda loyihalashtirilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Shota Rustaveli ko'chasidagi ma'muriy binosi va Zamonaviy san'at markazidagi yozgi hovlining soyali konstruksiyasi haqidagi ma'lumotlar o'rin olgan.

 

Ushbu nashr butun dunyodagi iste'dodli me'mor ayollarni tan olish va qo'llab-quvvatlashda muhim qadamdir. Taxmina Turdialiyevaning dunyoning yuz nafar eng yaxshi me'mor ayollar qatoridan o'rin olgani esa O'zbekistonning jahon arxitektura sohasiga ta'sirini ko'rsatadi.

 

"Dezeen" nashri muharriri Tom Reyvenskroft:

- Biz Londonda ajoyib voqea – «Dunyoning 100 ayol me'mori» kitobining taqdimotini yuqori saviyada o'tkazdik. Ushbu tadbirning ahamiyati juda baland. Shuningdek, ushbu jarayonda vatandoshingiz Taxmina Turdialiyevaning rolini ham ta'kidlab o'tishimiz kerak.

 

Taxmina Turdialiyeva ushbu kitobdan o'rin olgan yorqin namoyandalardan biri sifatida jahon me'morchiligiga katta hissa qo'shgan.

 

O'zbekistonning bunday nufuzli vakillarining xalqaro nashrlar va tanlovlarda ishtirok etishi, shubhasiz, yurtingizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, gender tengligi, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ayollar uchun yangi ish o'rinlarini yaratish, ularning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlardan dalolatdir.