
Britaniyaning mashhur "London Post" yangiliklar portalida O'zbekistonda ekologik muammolarni bartaraf etish va iqlim o'zgarishlarga qarshi kurashishga bag'ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada qayd etilganidek, O'zbekiston Prezidenti tomonidan 2023-yil sentyabr oyida "O'zbekiston – 2030" strategiyasini tasdiqlandi. Strategiyada barcha fuqarolar salohiyatini rivojlantirish, sog'lom va bilimli avlodni voyaga yetkazish, kuchli iqtisodiyotni yaratish hamda adolat, qonun ustuvorligi va xavfsizlikni kafolatlash kabi muhim vazifalar o'rin olgan.
"O'zbekiston – 2030" strategiyasining muhim g'oyalaridan yana biri aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratishdir, - deyiladi materialda. - Bu O'zbekistonda sog'lom ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, toza havo va suv tanqisligining oldini olish demakdir. Ekologiyaga bunday yondashuv mamlakatning yangilangan Konstitutsiyada ham mustahkamlangan".
Britaniya elektron nashrida ta’kidlanishicha, O'zbekistondagi islohotlarning bosh mezoni sifatida "Inson sha’ni va qadr-qimmati yo'lida" ustuvor tamoyili belgilab olingan.
"O'zbekiston, shubhasiz, ekologik muvozanat, obod tabiat va iqlim o'zgarishiga qarshi kurash tarafdori, - deya qayd etgan nashr. - Chunki bu masala jahondagi eng yirik ekologik ofat – Orol fojiasining bevosita ta’siri sharoitida mamlakat xalqi uchun juda dolzarb va muhim hisoblanadi. Orol fojiasiga e’tibor Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning yuksak minbaridan turib so'zlagan nutqida ham o'z ifodasini topdi".
Maqolada ma’lum qilinishicha, Orol falokati mintaqadagi iqlim sharoitini yomonlashtirdi, yozda qurg'oqchilik va jazirama kuchaydi, sovuq va qattiq qish davrini uzaytirdi. Orolbo'yida havo harorati 40°C dan yuqori bo'lgan kunlar soni 2 barobarga, O'zbekistonning qolgan hududlarida esa o'rtacha bir yarim baravarga ko'paygan.
"O'zbekistonda cho'llanishga qarshi kurash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. So'nggi bir necha yil ichida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonga o'simliklar ekildi. Kelgusi ikki yilda yana 400 ming gektar maydonda himoya "yashil" zonalari tashkil etilishi ko'zda tutilgan. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va bioxilma-xillikni saqlash maqsadida esa Orolbo'yida 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiiy bog'lar va qo'riqxonalar, shuningdek, davlat qo'riqxonalari tashkil etildi", - deb ta’kidlangan nashrda.
"London Post"da e’lon qilingan maqolada yozilishicha, navbatdagi ekologik muammo sifatida butun insoniyat qatori O'zbekiston ham iqlim o'zgarishining zararli oqibatlariga duch kelmoqda.
Maqolada, shuningdek, ayni paytda O'zbekistonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida 30 dan ortiq qonun va 200 ga yaqin qonunosti hujjatlari amal qilayotganiga alohida urg'ulangan.