
O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi xodimlari Oksford Islom tadqiqotlar markazida bo'lib o'tgan "Britaniya va musulmon dunyosi: eski do'stlar bilan yangi hamkorlik" mavzusidagi tadbirda ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda, shuningdek, britaniyalik siyosatchilar, parlament a'zolari va Oksford universiteti ilmiy xodimlari, professor-o'qituvchilar va talabalar qatnashdi.
Anjuman doirasida bo'lib o'tgan uchrashuvlar davomida mamlakatimiz diplomatlari tomonidan o'zbek xalqining boy madaniy va tarixiy merosi, zamonaviy O'zbekiston hududida yashab o'tgan buyuk ajdodlarimizning jahon ma'daniyati, ilm-fani rivojiga qo'shgan hissasi haqida so'zlab berildi. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonlari, mamlakatimizning boy madaniy salohiyatini asrab-avaylash va targ'ib qilish bo'yicha vazifalar ta'kidlandi. Shu kunlarda nafaqat O'zbekistonda, balki dunyoning ko'p davlatlarida tavalludining 583 yilligi keng nishonlanayotgan Alisher Navoiy merosiga alohida urg'u berildi.
Oksford Islom tadqiqotlar markazi direktori Farxan Nizami Alisher Navoiy ijodi o'zbek tili va mumtoz adabiyotining shakllanishi va rivojlanishiga mustahkam asos bo'lib xizmat qilganini qayd etdi.
"Navoiy asarlari ingliz tilida so'zlashuvchi mamlakatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniyada yetarlicha o'rganilmagan. Navoiy ijodini ilmiy o'rganish, asarlarini ingliz tiliga tarjima qilish va ularni chop etishda o'zbek adabiyotshunoslari bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyormiz", - dedi u.
Tadbir qatnashchilari, shuningdek, O'zbekistonning bebaho madaniy tarixi, shu jumladan Alisher Navoiy asarlarida ilgari surilgan insoniy qadriyatlar muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar.