
Britaniyaning «BBC Travel» veb-saytida o'zbek paloviga bag'ishlangan maqolae'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda ta'kidlanishicha, o'zbek oshxonasining eng sevimli milliy taomi — bu, shubhasiz, palovdir.
«Palov yog', go'sht, piyoz, sabzi, guruchdan tayyorlanadi. Ushbu o'zbek milliy taomi «Ipak yo'li»ning barcha mamlakatlarida mashhur. Ammo palov tarixi O'zbekiston zamini bilan chambarchas bog'liq. O'zbeklar haftada kamida bir marta osh iste'mol qiladilar. Ushbu shoh taom, shuningdek, to'ylarda, oilaviy tadbirlarda va yirik bayramlarda pishiriladi», — deya qayd etgan britan nashri.
Maqolada yozilishicha, palovning paydo bo'lishi haqida turli rivoyatlar mavjud. Anashunday xalq og'zaki ijodi namunalaridan birida aytilishicha, palov Aleksandr Makedonskiyning Markaziy Osiyoga yurishi davrida birinchi marta tayyorlangan egan. Qayd etilishicha, Makedonskiy Markaziy Osiyoga yurishlarida qo'shinini sog'lom va baquvvat tutish maqsadida maxsus taom yaratishni buyurgan.
«Ushbu rivoyatni isbotlovchi aniq tarixiy ma'lumotlarga ega emasmiz. Lekin IX-X asrlarda palov juda mashhur bo'lganini bilamiz. Mintaqamizda 1000 yildan ortiq vaqtdan beri sholi asosiy ekin hisoblanadi. Uni etishtirish, yig'ishtirib olish va chorvachilik kabi mashaqqatli jismoniy mehnatni talab qiladi. Shuning uchun palov asosan dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi jamiyat uchun juda kaloriyali, to'yimli taom hisoblagan», — deya o'zbekistonlik tarjimon Nilufar Nuriddinovaning fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.
Unda, shuningdek, palov yaqinda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgani ham ma'lum qilingan. «Bu shunchaki taom emas. Palov ijtimoiy aloqalarni o'rnatadi va do'stlikni targ'ib qiladi, xalqimizni birlashtiradi», - deya tushuntiradi Nilufar.
Britaniya elektron nashri xabar qilganidek, O'zbekistonda palovning 100 dan ortiq turlari mavjud. Retseptlar mintaqa va mavsumga qarab farqlanadi, lekin har bir usulda asosiy masalliqlar bir xil.
«Mamlakatdagi eng mashhur palov tayyorlaydigan joy — bu poytaxt Toshkentning Yunusobod tumanidagi «Besh qozon» restoranidir. Markaziy Osiyodagi eng yirik palov restoranlaridan biri hisoblangan «Besh qozon»da har kuni 5 mingdan 8 ming nafargacha mijozga xizmat ko'rsatiladi. Mijozlar uchun har kuni to'qqizta katta dosh qozonlarda palov tayyorlanadi», — deyiladi maqolada.
O'zbek an'analariga ko'ra, palov bilan birga mijozga non ham berish kerak «Besh qozon»da Shokirjon Nurmatov nonvoy hisoblanadi. U kuniga 3 ming dan ortiq non pishirishi mumkin.
Nashrda «Besh qozon» restorani oshpazi Fayzulla Sagdiyev bilan uyushtirilgan kichik intervyu ham o'rin olgan.
«Oilada palovni asosan ayollar, restoranlarda, to'y-marakalarda va bayramlarda erkak oshpazlar pishiradi. Chunki ko'p miqdorda palov tayyorlash mashaqqatli jismoniy mehnatni talab qiladi, – deydi Fayzulla oshpaz. – Men osh pishiradigan eng katta qozonda uch tonnagacha masalliq sig'adi».