O'zbekistonning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Buyuk Britaniyada ishlayotgan huquqshunoslar, iqtisodchilar, o'qituvchilar, bank xodimlari, shifokorlar, tadbirkorlar va ta'lim olayotgan vatandoshlar qatnashdi.
Muloqot chog'ida o'zbek diasporasi bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash, respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda ularning ishtirokini kengaytirish, yurtimizga Britaniyadan sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Vatandoshlarga Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni haqida ma'lumot berildi. Aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta'minlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan dasturlar ijrosiga alohida e'tibor qaratildi.
Buyuk Britaniyada o'tkaziladigan turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar orqali O'zbekistonning boy merosi va milliy brendimizni keng targ'ib qilish hamda mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko'paytirishga qaratilgan birgalikdagi ishlarni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.
Londonning tarixiy markazi – Tauer ko'prigi yaqinida o'zbek taomlari, musiqa va raqs san'ati, milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi o'z ichiga olgan «O'zbek madaniyati festivali» asosiy muhokama mavzularidan biri bo'ldi. Mazkur tadbirning o'tkazilishi jahon jamoatchiligini O'zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Vatandoshlar O'zbekiston rahbariyati tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarni qo'llab-quvvatlashlarini ma'lum qilishdi.
Tadbir doirasida O'zbekiston sog'liqni saqlash tizimiga xorijiy tajribani muvaffaqiyatli joriy etgani uchun Buyuk Britaniyada yashovchi hamyurtimiz dermatolog Ravshan Izomovga «Xalqlar do'stligi» ko'krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, diplomatik missiya bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh faol hamyurtlarimizga faxriy yorliqlar topshirildi.