Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Buyuk Britaniyada O'zbekistonlik talabalar uyushmasi tashkil etiladi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Buyuk Britaniyada O'zbekistonlik talabalar uyushmasi tashkil etiladi



Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini rag'batlantirish doirasida Buyuk Britaniyada O'zbekistonlik talabalari uyushmasi (O'zTU) tashkil etiladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

O'zbekistonning Londondagi elchixonasi ko'magida bir guruh vatandosh talabalar tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Buyuk Britaniyadagi universitetlarda tahsil olayotgan mamlakatimiz yoshlarini birlashtirish, ularning bilim olishlari uchun qulay va faoliyatning turli sohalarida faol ishtirok etishlari uchun universal platforma yaratishga qaratilgan. Ayni paytda Buyuk Britaniyaning Oksford, Kembrij, Edinburg, London Iqtisodiyot maktabi, London Imperial kolleji kabi nufuzli universitetlarida 600 dan ortiq o'zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Shundan 120 nafari "El yurt umidi" jamg'armasi stipendiantlaridir.

 

O'zbekistonlik talabalar uyushmasi yoshlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga ko'maklashish, shuningdek, O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy almashinuvni rivojlantirishga ko'maklashadi. Bundan tashqari, tashkilotning tashkil etilishi talabalarning o'zaro samarali hamkorlik qilishi, tajriba va bilim almashishi, huquq va manfaatlarini himoya qilish imkonini beradi.

 

O'zbekistonlik talabalar uyushmasining rasmiy ochilish marosimi joriy yilning 2-mart kuni mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida bo'lib o'tadi. Tadbir doirasida talabalar o'rtasida "Zakovat" intellektual o'yini o'tkaziladi.

 

Mazkur uyushmaning tashkil etilishi talabalarning nafaqat sifatli ta'lim olish va malaka oshirishga intilishi, balki O'zbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarini rivojlantirishda yoshlarning roli ortib borayotganidan dalolatdir.