Britaniyaning «London Post» yangiliklar portalida "O'zbekiston tashabbusi: jahon turizmi uchun muhim bosqich" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda ta'kidlanishicha, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O'zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan "2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" rezolyutsiyasi keng jamoatchilik, ekspert va tahliliy doira vakillari, BMTning ixtisoslashgan agentliklari va xalqaro tashkilotlarning yuqori qiziqishiga sabab bo'layotir.
"Xususan, "BNN Breaking" xalqaro axborot agentligi mazkur hujjatning qabul qilinishini "jahon turizm sektoridagi muhim voqea" sifati baholadi, – deyiladi maqolada. – BMT tomonidan 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e'lon qilinishi sayyohlik sanoati oldida turgan murakkab muammolarni tan olish va hal qilish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi".
Rezolyutsiya yana-da barqaror, yashovchan va inklyuziv turizm sektorini yaratish uchun hamkorlik hamda innovatsiyalarni rag'batlantirib, kelajak uchun aniq yo'nalishlarni belgilab beradi.
Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) 2027-yilni Xalqaro yil deb e'lon qilinishi turizmning barcha uchun yaxshiroq dunyoni barpo etishdagi rolining yaqqol e'tirofi ekanligini ta'kidladi.
"Bu sayyohlik kuchli va har qanday qiyinchiliklarga samarali dosh bera oladigan darajada xilma-xil bo'lishini ta'minlash uchun birgalikda ishlash imkoniyatidir", – deyiladi tashkilot relizida.
YUNVTO, shuningdek, O'zbekistonga va ushbu hujjatning boshqa 80 dan ortiq hammualliflariga rezolyutsiya tashabbuskorligi va qo'llab-quvvatlaganliklari uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
Britaniya nashri shuningdek, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) Tog'lar bo'yicha hamkorlik guruhi portalida mazkur rezolyutsiyaga bag'ishlab e'lon qilingan maqolani ham qayd etib o'tgan.
«London Post»ning qayd etishicha, turizm industriyasi (turistik assotsiatsiyalar, kompaniyalar, turoperatorlar) vakillari O'zbekiston tashabbusini iliq kutib olgan.
"Xususan, Barqaror turizmni rivojlantirishga ixtisoslashgan "GUAVA" sayyohlik kompaniyalarining yirik tarmog'i Bosh Assambleya rezolyutsiyasining qabul qilinishini yuqori baholadi. Agentlik rahbari Gabriel Tan o'z bayonotida turizm sektori jahon yalpi ichki mahsulotiga salmoqli hissa qo'shishini, butun dunyo bo'ylab 300 milliondan ortiq kishini ish bilan ta'minlashini ta'kidladi", –deb ta'kidlangan nashrda.
Materialda Xalqaro amaliy fanlar universiteti professori, mehmonxona biznesida barqarorlikni ta'minlash bo'yicha ko'plab ma'ruzalar muallifi Villi Legrand ushbu muhim rezolyutsiyaning qabul qilinishi bilan samimiy tabriklar ekan, mazkur hujjatning akademik doira vakillari va ta'lim muassasalari talabalari uchun muhim ahamiyatiga to'xtalib o'tganiga urg'u berilgan.
"Ushbu yangilik haqiqatan ham universitetlar bitiruvchilari kelajakda bajarishi kerak bo'lgan vazifalarni qonuniylashtirishda kuchli turtki bo'lib, ayni paytda turizm sanoatining barqaror rivojlanishni ta'minlashdagi asosiy rolini e'tirof etadi", – deya Villi Legrand fikrlaridan iqtibos keltirilgan «London Post»da.