O'zbekistonning Londondagi elchixonasi ko'magida "O'zsanoatqurilishbank" ATB delegatsiyasining Britaniyada har yili o'tkaziladigan "MoneyLive" sammitida ishtiroki tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston vakillari tadbir davomida o'tkazilgan mavzuga doir debatlarda qatnashdi. Shuningdek, "O'zsanoatqurilishbank" ATB vakillari Britaniyaning "Barclays", "HSBS", "Lloyds" va "Crown Agents Bank" vakillari bilan muzokara o'tkazdilar. Ularda eksportni moliyalashtirish, milliy banklardagi davlat ulushini kamaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Xorijiy hamkorlarga O'zbekiston bank-moliya tizimidagi o'zgarishlar, "O'zsanoatqurilishbank" faoliyati, xususan, muassasaning so'nggi moliyaviy ko'rsatkichlari hamda xalqaro moliya institutlari ko'magida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muzokaralar yakunida O'zbekistonda bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan Britaniyadagi keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida joriy yilning may oyida Roud-shou o'tkazishga kelishib olindi.
"MoneyLive" sammit global to'lovlar va bank tadbiri bo'lib, ushbu anjumanda dunyoning nufuzli moliya institutlari, bankirlar va ushbu sohaga ihtisoslashgan kompaniyalar ishtirok etadi. Bu yilgi tadbirda fintex va startaplarni moliyalashtirish, raqamli banking, sun’iy intellekt yordamida jarayonlarni shaffoflashtirish kabi masalalar muhokama etildi.