Britaniyaning mashhur "London Post" yangiliklar portalida o'zbek noniga bag'ishlagan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekistonda non muqaddas timsol sifatida qadrlanishi ta'kidlanadi. Maqola Samarqand noniga bag'ishlangan. Qayd etilishicha, Samarqandda har kuni 12 ming donadan ortiq non pishiriladi.
"Oddiy ingrediyentlar va tayyorlashdan tashqari, bu chuqur madaniy ahamiyatga ega. Ko'rinishidan oddiy ko'ringan non o'zbek xalqining boy tarixiy an'analari bilan uzviy bog'liq", – deyiladi maqolada.
Ta'kidlanishicha, O'zbekistonga tashrif buyurib, yangi pishirilgan o'zbek nonini tatib ko'rgan kishi uning o'ziga xos ta'mini unuta olmaydi.
"Darhaqiqat, tandirda yangi pishirilgan nonning ta'mini boshqa joyda topa olmaysiz. Mamlakatda non va non mahsulotlariga chuqur hurmat asrlar davomida shakllangan", – qayd etilgan manbada.
Ma'lum qilinishicha, O'zbekistonda non hech qachon pichoq bilan kesilmaydi. Dasturxon boshida non qo'l bilan bo'linadi va mehmonlarga ulashiladi. Shuningdek, o'zbek xalqi nonni hech qachon teskari qo'ymaydi. Bu nonga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
Yana bir an'anaga ko'ra, yangi oila qurayotganlarning munosabatlari doimo yaxshi va umr bo'yi davom etishi uchun to'ydan oldin non sindirish odati mavjud. Mehmonlar uchun dasturxon tuzayotganda stol ustidagi nonlar soni teng bo'lishi kerak. Uyda bitta yoki uchta non qolsa, ulardan biri yarmiga bo'linadi.
"O'zbekistonda mehmonlarni sovg'alar va shirinliklar, jumladan non bilan kutib olish odat tusiga kirgan. Ularning soni ham har doim juft bo'lishi kerak. Non pishirish jarayoni boshidan oxirigacha qo'l mehnatini talab qiladi. O'zbekistonda non tayyorlashning ko'plab usullari va retseptlari mavjud. Mamlakatning har bir viloyati va hududi o'ziga xos retseptlari bilan maqtanishi mumkin", – deb yozgan "London Post" .