O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Kaplan International Pathways" ta’lim tashkiloti departament boshlig'i Kris Braun bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dasturlar va istiqboldagi vazifalar haqida fikr almashildi.
Britaniya vakili O'zbekistonning "El-yurt umidi" jamg'armasi bilan o'zaro hamkorlik memorandumi imzolanganini ma’lum qildi. Kris Braunning aytishicha, "El-yurt umidi" jamg'armasi tanlovlaridan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlarning "Kaplan International Pathways" tashkiloti ko'magida Britaniyaning nufuzli universitetlarida o'qishni davom ettirishi ta’minlanmoqda. Shuningdek, u O'zbekistonning manfaatdor idora va tashkilotlari xodimlarining kelgusida Britaniya universitetlarida amaliyot hamda malaka oshirishlarini tashkil qilish bo'yicha hamkorlik taklifini bildirdi.
Uchrashuv yakunida mazkur loyiha yuzasidan O'zbekistonning manfaatdor vazirlik va idoralari bilan muloqotni yo'lga qo'yish to'g'risida kelishib olindi.
"Kaplan International Pathways" tashkiloti xalqaro talabalar uchun universitet dasturlari bo'yicha dunyodagi eng yirik beshta provayderdan biri hisoblanadi. U Buyuk Britaniya, AQSh va Avstraliya universitetlariga bakalavriat, magistratura va doktoranturaga kirish uchun dasturlarni taklif etadi.