O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Chelsi jamoat kasalxonasi maktabi (Chelsea Community Hospital School – CCHS) direktori Janett Stil bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida Buyuk Britaniya tomoniga Yangi O'zbekistonda ijtimoiy sohada, jumladan, xalq ta'limi tizimida "inklyuziv ta'lim"ni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ma'lumot berildi.
Janett Stil respublikada uzoq muddat davolanayotgan bolalar uchun to'laqonli, to'siqlarsiz ta'lim muhitini yaratish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uning so'zlariga ko'ra, "Zamin" xalqaro jamoat fondi tomonidan O'zbekistonda davolash pedagogikasini rivojlantirish bo'yicha ilk loyiha – "Mehrli maktab" alohida e'tiborga loyiqdir.
"O'zbekistonda to'laqonli o'quv jarayoni tashkil etilgan, bemorlarning to'xtovsiz davolanishiga imkon beruvchi maktablarning paydo bo'lishi o'z vaqtida amalga oshirilgan ishdir", – deydi u.
Direktor, shuningdek, o'zi rahbarlik qilayotgan ta'lim muassasasi faoliyatiga to'xtalib o'tdi. Qayd etilishicha, "CCHS"ning Buyuk Britaniyada 6 ta filiali mavjud bo'lib, ularda 72 nafar o'quvchi tahsil olmoqda. Maktablar bolalarga klinik sharoitda milliy imtihondan o'tish imkoniyatini taqdim etadi.
Janett Stil "Mehrli maktab" faoliyatini yana-da takomillashtirish maqsadida "CCHS" "Zamin" xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida "CCHS" rahbariyati va "Zamin" xalqaro jamoat fondi o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalarini muhokama qilish uchun onlayn uchrashuv tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.
1989-yilda tashkil etilgan "CCHS" sog'lig'i yoki ruhiy kasalliklar tufayli oddiy maktabga bora olmaydigan 4 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan bolalar va o'smirlarga ixtisoslashtirilgan ta'lim xizmatlarini taqdim etadi.