Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekiston va Buyuk Britaniya tog'-kon sanoati yo'nalishida yangi o'sish nuqtalarini muhokama qilmoqda - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

O'zbekiston va Buyuk Britaniya tog'-kon sanoati yo'nalishida yangi o'sish nuqtalarini muhokama qilmoqda



O'zbekiston elchixonasi diplomatlari joriy yilning 11-12-mart kunlari amaliy safar bilan Buyuk Britaniyaning Kornuoll grafligida bo'lishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasida tog'-kon sohasida hamkorlikni jadallashtirish, xorijiy innovatsiyalarni yurtimizga jalb etish bo'yicha qator uchrashuv va muzokaralar o'tkazildi.

 

Jumladan, Buyuk Britaniyaning Ekseter universiteti huzuridagi Kemborn tog'-konchilik tadqiqot markazida "Kornuoll-Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo Mintaqasi: noyob minerallar imkoniyatlarini o'rganish" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

 

Kemborn tog'-konchilik tadqiqot markazi 1888-yilda tashkil etilgan. Markaz ilg'or tadqiqot laboratoriyalariga ega bo'lib, foydali qazilmalarni qidirish va konlarni vektorlashtirish, ruda konlarini shakllantirish, muhim metall konlarini o'rganish, metall ifloslantiruvchi moddalarni mikrobiol tozalash va iqlim o'zgarishining kon ishlariga ta'siri kabi masalalarda chuqur izlanishlar o'tkazishga ixtisoslashgan.

 

Britaniyalik tadqiqotchilarning aytishicha, O'zbekiston bilan noyob metallarni ishlab chiqarish va eksport qilishning istiqbollari juda keng. Ular, shuningdek, Kemborn tog'-konchilik tadqiqot markazi respublikaning Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kabi yirik korxonalar bilan hamkorlik o'rnatishga tayyorligini ta'kidladilar. Xorijiy tomonga ko'ra, mazkur yo'nalishda britaniyalik ekspertlarni O'zbekiston tog'-kon sanoatiga jalb etish, noyob metallar, shu jumladan litiy qazib olish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish, malakali kadrlar tayyorlash kabi yo'nalishlarda hamkorlik qilish mumkin.

 

186 yillik tarixga ega Buyuk Britaniya va dunyo bo'ylab tog'-kon sohasida konsalting, muhandislik, loyihalarni modellashtirish kabi xizmatlarni ko'rsatib kelayotgan "Wardell Armstrong" kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar davomida O'zbekistonning tog'-kon sanoatida olib borilayotgan loyihalar, xorijiy investorlarni jalb qilish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi.

 

Kompaniya vakillari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholash barobarida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan minerallarni o'rganish, qazish ishlarini loyihalashtirish, obyektlardagi qurilish ishlarini muvofiqlashtirish kabi yo'nalishlarda hamkorlik qiziqish bildirishdi.

 

O'zbekiston diplomatlari, shuningdek, Britaniyaning "Geothermal Engeeneering Ltd" kompaniyasida bo'lib, tashkilot faoliyati bilan tanishdilar. Tashrif davomida mazkur kompaniya tomonidan qurilayotgan geotermal elektrostansiya ham ko'zdan kechirildi. Kompaniya vakillariga ko'ra, ushbu stansiya joriy yilning noyabr oyida taqdim etiladi.

 

Korxona mutasaddilari O'zbekiston tomoni bilan hamkorlikdan manfaatdorlik bildirishdi.