O'zbekiston diplomatlari Britaniyaning "Kulturalis" noshirlik uyi boshqaruv direktori Neyl Titman bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida "Kulturalis" noshirlik uyi faoliyati, kitob va adabiyotlarni nashr etishdagi zamonaviy hamda ilg'or innovatsiyalarni qo'llash bo'yicha ma'lumot berildi. Shuningdek, "Kulturalis"ning adabiyotlar va kitoblarni mualliflik asosida nashrga tayyorlash loyihalarini boshqarish, tahrir va dizayn, tarjima xizmatlari, chop etish hamda ulardan raqamli nusxalar olish tajribasi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida "Kulturalis" kompaniyasi bilan O'zbekistonning manfaatdor tashkilotlari o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish to'g'risida kelishib olindi.
Neyl Titman "Editorial for The Folio Society", "Third Millennium Publishing" hamda "Scala Arts & Heritage Publishers" kabi noshirlik uylarida 25 yilga yaqin faoliyat yuritgan. Hozir kunda o'zi ta'sis etgan "Kulturalis" kompaniyasini boshqarmoqda. U lotin va fransuz adabiyoti bo'yicha ilmiy darajaga ega. Shuningdek, fransuz va ispan tillaridan adabiyotlar tarjimasi bilan ham shug'ullanadi.
"Kulturalis" noshirlik kompaniyasi madaniyat, tarixiy yodgorliklar va ashyolar, muzey eksponatlarini targ'ib etish va boshqa sohalarda kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish kabi xizmatlarni ko'rsatadi.