O'zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyaning "ICBC Standard Bank" boshqaruv raisi Vladimir Guber bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muzokaralar davomida Britaniya tomoniga O'zbekiston iqtisodiyot tarmoqlari va hududlariga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksport hajmlarini yanada oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
Vladimir Guber O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, xorijiy investitsiyalarni tarmoq loyihalariga jalb etish, eksportoldi moliyalashtirish, respublika banklaridagi davlat ulushini xususiylashtirish va sohaga oid qo'shma loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida joriy yilning 2-3-may kunlari bo'lib o'tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida "ICBC Standard Bank" delegatsiyasining ishtirokini ishlab chiqish to'g'risida kelishib olindi.
"ICBC Standard Bank"ning bosh ofisi London shahrida joylashgan. Bank tog'-kon, qimmatli qog'ozlar bozori, eksportni moliyalashtirish, obligatsiyalarni tashqi bozorlarga chiqarish kabi sohalarda faoliyat olib boradi.