O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi Piter Lilli bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muzokaralar chog'ida Britaniya tomoniga Yangi O'zbekistonda jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida, ayniqsa, parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish borasidagi islohotlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Lordlar palatasi a'zosi so'nggi bir yilda O'zbekiston-Buyuk Britaniya parlamentlararo munosabatlarida sezilarli faollashuv kuzatilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O'zbekiston-Buyuk Britaniya parlamentlararo muloqotini mustahkamlash tomonlarni qiziqtirgan sohalarda o'zaro manfaatli qo'shma loyihalarni amalga oshirishning qo'shimcha mexanizmlarini yaratishi ta'kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish, tog'-kon sanoati, telekommunikatsiya, infratuzilma, farmatsevtika, ta'lim kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirish uchun Britaniyaning yetakchi kompaniyalarini O'zbekistonga jalb etish imkoniyatlari xususida ham fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy aloqalarni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Buyuk Britaniya parlamenti ikki palatali bo'lib, Lordlar palatasi (yuqori palata) va jamoatlar palatasidan (quyi palata) iborat.
Lordlar palatasi a'zolari saylanmaydi. Ular o'z vakolatlarini meros orqali yoki monarx tomonidan beriladi. Bugungi kunda Lordlar palatasida 792 a'zo bor.
Jamoatlar palatasi saylov okruglari tomonidan saylanadigan 650 a'zodan iborat. Jamoatlar palatasi a'zolarining vakolat muddati besh yil davom etadi, lekin ba'zan muddatidan oldin ham saylovlar o'tkaziladi.