O'zbekistonning Londondagi elchixonasi tomonidan Markaziy Osiyo bo'yicha Kembrij forumi bilan birgalikda Kembrij universitetida Navro'z bayramiga bag'ishlangan tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davra suhbati va an'anaviy musiqiy kompozitsiyalar, Markaziy Osiyo xalqlarining milliy liboslari va hunarmandchilik mahsulotlari, shuningdek, o'zbek milliy taomlari namoyish etilgan Navro'z tantanalarida Kembrij universiteti professor-o'qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari diplomatik korpusi vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida diplomatik vakolatxonasi xodimlari tomonidan O'zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va yurtimizning mintaqaviy barqarorlik va aholi farovonligini ta'minlashga qaratilgan tashqi siyosati haqida batafsil ma'lumot berildi.
Kembrij universitetining anjumanlar zalida tashkil etilgan Navro'z tadbirida 300 yuzdan ziyod mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirni Kembrij universitetining "King's College" rektori Jillian Tett ochib berdi. Kembrij universiteti talabalari va Markaziy Osiyo ijodiy jamoalari tomonidan folklor tomoshalar, shuningdek, milliy kuy va qo'shiqlar ijro etildi. Bundan tashqari, xalq hunarmandchiligi mahsulotlari va sayyohlik salohiyati ekspozitsiyasi namoyish qilindi va an'anaviy taomlardan iborat oshpazlik festivali o'tkazildi.
Markaziy Osiyo bo'yicha Kembrij forumi direktori O'zbekistonning London shahridagi vakolatxonasiga Kembrij universitetida Navro'z bayramini ko'tarinki ruxda o'tkazishga ko'rsatgan ko'magi uchun minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, Navro'z bayramini Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan bir oila sifatida dunyoning barcha go'shalarida nishonlanishi Yangi O'zbekistonning eng muhim yutuqlaridan biri hisoblanadi. "Qo'shni davlatlarning umumiy tarixi, madaniyati va tillarini inobatga olgan holda Navro'z bayramini nishonlash ko'p jihatdan birlashtiruvchi omil bo'lib, mintaqaning xalqaro maydonda tan olinishini oshirishga xizmat qiladi", dedi u.
London universiteti kolleji professori Milyana Radivoyevich:
— Men O'zbekiston va butun Markaziy Osiyoda bronza davri va ipak yo'llari tarixini o'rganyapman. O'zbekistonda bir necha bora bo'lganman. Farg'ona vodiysida, shuningdek, Toshkent atrofidagi Zeta-Shan vodiysida joylashgan loyihalarni o'rgandim. Hozirgi kunda 5000 yil oldin metall texnologiyalarining rivojlanishini o'rganyapman.
Bugungi tadbirda ishtirok etganimdan va ushbu jamiyatning bir qismi ekanligimdan baxtiyorman.
Kembrijdagi Markaziy Osiyo forumi tomonidan tashkil etilgan davra suhbati va Navro'z bayrami tantanalarida birinchi marta ishtirok etdim. Davra suhbati davomida Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ko'plab ma'lumotlarga ega bo'ldim va ularni ro'yobga chiqishiga umid bildiraman.
Kembrij universiteti professori Nikolas Ray:
— Men O'zbekistonda ko'p marotaba bo'lganman. Samarqand va Buxoroda ajoyib tarixiy binolar ko'pligidan hayratda qolganman.
Hozirgi kunda men binolarni qayta qurish va ularni kengaytirish yo'llarini topish bo'yicha o'zbekistonlik hamkasblarimga o'z maslahatlarimni berib boryapman. O'zbekiston vakillari juda yaxshi mutaxassislardir va umid qilamanki, ushbu yosh avlod dizayn mas'uliyatini o'z zimmasiga oladi.
Kembrijdagi Markaziy Osiyo forumi aynan shu ishni qilmoqda. Albatta, arxitektor sifatida men atrof-muhitni rejalashtirish, qadimiy binolarga qanday munosabatda bo'lish va yangi binolarni qurish yo'nalishlarida hamkorlikni davom ettirishga tayyorman.
Hozirda O'zbekiston-Britaniya ta'lim muassasalari o'rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan bo'lib, O'zbekistonning ko'plab talabalari mazkur ta'lim dargohlarida tahsil olmoqda. Britaniyalik professor-o'qituvchilarning muntazam O'zbekiston universitetlariga tashriflari yo'lga qo'yilgan. Bunday hamkorliklar albatta, o'zining ijobiy natijalarini beradi.
Navro'zi olam bayramini birgalikda nishonlash biz uchun yaxshi an'anaga aylanib bormoqda. Bugungi Navro'z bayramining shukuhi ishtirokchilarga va mehmonlarga ko'tarinki ruh va kayfiyat bag'ishladi.