O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi, lord Ueverli bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Lord Ueverli O'zbekistonda amalga oshirilayotgan, o'zbek xalqi farovonligini oshirish va mamlakat iqtisodiyotining barqaror o'sishini ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli islohotlarni yuqori baholadi.
"O'zbekistonda bir necha bor bo'lganman. 2021-yildagi so'nggi tashrifim chog'ida mamlakatda amalga oshirilayotgan, xalq manfaatlariga chinakam xizmat qiluvchi islohotlar samarasi bilan shaxsan tanishdim", – deydi lord.
Muloqot chog'ida ikki mamlakat parlamentlari o'rtasidagi siyosiy muloqot va hamkorlikni faollashtirish rejalari muhokama qilindi. O'zbekiston-Buyuk Britaniya parlamentlararo muloqotini mustahkamlash qo'shma loyihalarni amalga oshirishning qo'shimcha mexanizmlarini yaratishi ta'kidlandi.
Tomonlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash zarurligi haqida fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Eslatib o'tamiz, elchi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniya parlamenti Jamoatlar palatasining Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Alisiya Kyorns bilan ham muzokaralar o'tkazgan edi.