O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Kaplan International Pathvays" ta'lim tashkiloti boshqaruv direktori Linda Kouen bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida Linda Kouen O'zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshiralayotgan keng-ko'lamli islohotlarni va respublika rahbariyati tomonidan yoshlarning sifatli ta'lim olishi uchun yaratib berilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.
Britaniya tomoni "El-yurt umidi" jamg'armasi bilan o'zaro hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini qayd etdi. Uning aytishicha, Jamg'arma tanlovlaridan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlarning "Kaplan International Pathvays" tashkiloti ko'magida Britaniyaning nufuzli universitetlarida o'qishni davom ettirishi ta'minlanmoqda.
Tomonlar O'zbekiston vazirlik va idoralari yxodimlarining Britaniyada stajirovkalarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Natijada ham nazariy, ham amaliy shaklda tashkil etiladigan amaliyot dasturlarini nufuzli tashkilotlar va yirik kompaniyalarning shtab-kvartiralarida uyushtirishga kelishib olindi.
Amaliyot davlat boshqaruvi, moliya va iqtisodiyot, investitsiyalarni jalb qilish, bank ishi, inson resurslarini samarali boshqarish hamda ta'lim va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish yo'nalishlarida ishlab chiqiladi.
Uchrashuvdan keyin O'zbekiston diplomatlari "Kaplan International Sollage" faoliyati bilan tanishdilar.
Mazkur muassasa tashkilotning muhim ta'lim markazlaridan biri hisoblanadi. "Kaplan International Sollage" Britaniyaning nufuzli oliy o'quv yurtlariga jumladan, London universiteti, Krenfild universiteti, Queen Mary universiteti, Bristol universiteti, Vestminister universiteti va boshqa ta'lim muassasalariga kafolatlangan qabul uchun tayyorlov dasturlarini taqdim etadi.
"Kaplan International Pathvays" xalqaro talabalar uchun universitet dasturlari bo'yicha dunyodagi eng yirik beshta provayderlardan biri hisoblanadi. U Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya va boshqa nufuzli universitetlarga bakalavriat, magistratura va doktoranturaga kirish uchun dasturlarni taklif etadi. Ushbu tashkilot "El-yurt umidi" jamg'armasi bilan hamkorlik aloqalari o'rnatgan.