Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Buyuk Britaniyaning eng qadimiy sayyohlik brendi O'zbekiston turizm imkoniyatlarini targ'ib etishga ko'maklashadi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Buyuk Britaniyaning eng qadimiy sayyohlik brendi O'zbekiston turizm imkoniyatlarini targ'ib etishga ko'maklashadi



O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning "Cox&Kings" sayyohlik kompaniyasi ijrochi direktori Jorj Kolvin bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

1758-yilda tashkil etilgan "Cox&Kings" kompaniyasi Buyuk Britaniyadagi eng qadimiy sayyohlik brendi hisoblanadi. Kompaniya, shuningdek, britaniyalik sayyohlar uchun xorijiy turlarni tashkil etishda ham yetakchi sanaladi.

 

Muloqot davomida Britaniyadan O'zbekistonga turistlar oqimini oshirish, mamlakatimiz sayyohlik imkoniyatlari va yangi yo'nalishlarini hamkorlikda Britaniya keng ommasi o'rtasida targ'ib etish masalalari muhokama qilindi.

 

Jorj Kolvin Ipak yo'li chorrahasida joylashgan va turli madaniyatlarni birlashtirgan O'zbekiston zamini Buxoro, Samarqand, Toshkent va Xiva singari qadimiy shaharlari hamda dunyoga mashhur tarixiy obidalari bilan britaniyalik sayyohlarni faol jalb etayotganini ta'kidlab o'tdi.

 

"So'nggi yillarda O'zbekistonning rivojlangan sayyohlik infratuzilmasi va ochilayotgan yangi yo'nalishlar sayyohlar uchun mavsum davrini kengaytirishga, ularning mamlakatda bo'lish vaqtini uzaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, mazkur o'zgarishlar O'zbekistonga yilning istalgan davrida sayohat qilish imkonini bermoqda", dedi u.

 

Muzokaralar natijasida tomonlar joriy yilda 2500 nafar britaniyalik sayyohlarni mamlakatimizga yuborish va O'zbekiston sayyohlik jozibadorligini Buyuk Britaniyada keng targ'ib qilish maqsadida yetakchi ommaviy axborot vositalarida mavzuga oid maqolalarni joylashtirish to'g'risida kelishib oldilar.