LONDON, 31-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniya kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Pol Soyer bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston va Britaniya o'rtasida sport sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Pol Soyer so'nggi yillarda O'zbekistonda sport, xususan, xotin-qizlar sportini rivojlantirish, uni yoshlar o'rtasida ommalashtirish va iqtidorli sportchilarning yangi avlodini tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarni yuqori baholadi. Bunga yaqqol misol sifatida Parijda davom etayotgan yozgi Olimpiya o'yinlarida O'zbekiston terma jamoasiga ilk oltin medalni olib kelgan dzyudochi Diyora Keldiyorovaning nomi alohida qayd etildi.
"Diyora O'zbekiston tarixida dzyudo bo'yicha oltin medalni qo'lga kiritgan ilk sportchi va yozgi Olimpiya o'yinlarida oltin medal olgan o'zbekistonlik birinchi ayol sportchi sifatida o'chmas iz qoldirdi. Uning bu yutug'i O'zbekistonning xalqaro maydondagi shon-shuhratini yanada oshirishga beqiyos hissa qo'shdi", – dedi Britaniya kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi.
Uchrashuv yakunida Britaniya kurash assotsiatsiyasi bilan kelgusida birgalikda sport tadbirlarini o'tkazishga kelishib olindi.
Britaniya kurash assotsiatsiyasi 1999-yilda tashkil etilgan. Assotsiatsiya Britaniyada kurash sport turini rivojlantirishga ko'maklashadi, mashg'ulotlar va musobaqalar tashkil etadi hamda ushbu sport bilan shug'ullanuvchilarni qo'llab-quvvatlaydi.