LONDON, 1-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatlari Britaniyaning Malvern shahrida o'tkazilgan chorvachilik sohasiga bag'ishlangan "NSA Sheep Event" xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ko'rgazma har ikki yilda bir marotaba "National Sheep Association" – Milliy qo'ychilik uyushmasi tomonidan tashkil etiladi. Ko'rgazma qo'ychilik faoliyatiga bag'ishlangan bo'lib, unda qo'ylarni parvarishlash, kasalliklardan davolash, zotli qo'y nasllarini yaratish va boshqa yo'nalishlar namoyish etiladi. Tadbirning eng asosiy maqsadi qo'y parvarishlash bilan go'sht va go'sht mahsulotlari sanoati vakillari o'rtasida doimiy muloqotlarni hamda manfaatli kelishuvlarga erishishni ta'minlashdan iborat. Tadbir davomida fermerlar uchun eng so'nggi yangiliklar va mahsulotlar ishlab chiqarishdagi innovatsion yechimlar haqida ham ma'lumotlar beriladi.
Tadbir doirasida Milliy qo'ychilik uyushmasi bosh direktori Fil Stoker, Britaniyaning Biznes va savdo vazirligi yetakchi mutaxassisi Svetlana Kolliyer, Qishloq xo'jaligi va genetika texnologiyalari tashkiloti huzuridagi Agrotexnologiyalar eksporti jamiyati direktori Kris Jekson hamda "Export Certification Limited" tashkilotining veterinariya bo'yicha maslahatchisi Rob Grinnall ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv o'tkazildi.
Muloqot davomida Qishloq xo'jaligi va genetika texnologiyalari tashkiloti huzuridagi Agrotexnologiyalar eksporti jamiyati hamda "Export Certification Limited" tashkiloti tomonidan O'zbekiston qishloq xo'jaligi va chorvachilik sohalarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish maqsadida onlayn treninglar o'tkazish taklifi ma'lum qildi.
Britaniya tomoni, shuningdek, O'zbekiston fermerlari va hamkor tashkilotlarni "NSA Sheep Event" xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.