LONDON, 2-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Aiyana Research & Advisory" kompaniyasi ijrochi direktori Genri Tillman bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Genri Tillman o'zi rahbarlik qilayotgan tashkilot va uning faoliyati bilan batafsil tanishtirdi. Qayd etilishicha, kompaniya tomonidan turli yo'nalishlardagi yirik biznes subyektlari uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari va infratuzilmaviy loyihalar bo'yicha davriy tadqiqotlar hamda birlamchi xulosalarni tayyorlanadi.
"Aiyana Research & Advisory" kompaniyasi ijrochi direktoriga ko'ra, mazkur turdagi loyihalar uchun chuqur tahlillarga doimo zaruriyat seziladi. "Ayniqsa, bunday amaliyotlar yirik va nufuzli xalqaro investorlar uchun juda dolzarb", dedi u.
Shu nuqtai nazardan, Britaniya vakili qayta tiklanadigan energiya manbalari va infratuzilmaviy loyihalarga investitsiyalarni jalb etish hamda ularni moliyalashtirishga qaratilgan tadqiqotlarni O'zbekiston uchun o'tkazish taklifini bildirdi.
Keyingi bosqichlarda esa, tadqiqot natijalari yuqorida keltirilgan sohalarga investitsiya jalb etish maqsadida yirik investorlar, tahlil markazlari va tadqiqot institutlariga taqdim etiladi.
"Aiyana Research & Advisory" kompaniyasi Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo Millatlar uyushmasi davlatlarida qayta tiklanadigan energiya va infratuzilma investitsiyalari bo'yicha maslahat va tadqiqot olib borish bilan shug'ullanadi. Kompaniyaning Dubay va London shaharlarida ofislari mavjud. Tashkilot uzoq vaqtdan beri xalqaro moliya va tibbiyot kompaniyalari, shuningdek, yangi energetika kompaniyalari uchun kapital jalb qilish bo'yicha o'z tahlillari va maslahatlarini taqdim etib kelmoqda. Kompaniya Singapur, Indoneziya, Tailand, Vyetnam, va BAA kabi mamlakatlarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham tadqiqot ishlarini olib borgan.