LONDON, 3-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Razlin Capital" kompaniyasi ta'sischisi Sodiq Razoq bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Sodiq Razoq O'zbekiston tomonini "Razlin Capital" kompaniyasi faoliyati bilan batafsil tanishtirdi. Shuningdek, kompaniya O'zbekistonning yirik biznes subyektlari va tadbirkorlarining Britaniya bozorlariga kirishi, respublikaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, jumladan xalqaro IPOlar o'tkazish yo'nalishlarida hamkorlikka tayyorligi bildirildi.
Muloqot yakunida mazkur yo'nalishlarda o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish maqsadida kelgusida ikki tomonlama uchrashuv va tashriflarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
"Razlin Capital" investitsiyalarni jalb etishga ko'maklashuvchi konsalting kompaniyasi hisoblanadi. Tashkilot o'z mijozlari uchun moliya bozorlari bilan hamkorlik o'rnatishga, qolaversa xususiylashtirish yo'nalishlariga doir tavsiyalarni ishlab chiqadi.