LONDON, 4-avgust. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning mashhur "London Post" yangiliklar portalida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga bo'lib o'tadigan saylovlarga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda 26-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi va bir qator tadbirlari bo'lib o'tgani ta'kidlangan. "Joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini Konstitutsiya va qonunlarga to'la muvofiq holda yuqori saviyada o'tkazish kun tartibining asosiy masalasi bo'ldi", – deyiladi maqolada.
Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024-yilda tugashini inobatga olib, saylovlar joriy yilning 27-oktabrida o'tkazilishi va saylov kampaniyasi 26-iyuldan boshlanishi haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.
Materialda O'zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkazilishi xabar qilingan.
Britaniya elektron nashri yozganidek, O'zbekiston saylov qonunchiligi ilg'or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilandi.
"Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy ko'pchiligi ovozini olishi belgilandi. Unga ko'ra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan ko'proq ovoz to'plagan taqdirda deputat bo'lib saylanishi mumkin bo'ladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi", –deb yozilgan "London Post" maqolasida.