Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
"The Guardian" gazetasi: London shahridagi o'zbek milliy restorani O'zbekistonning Britaniyadagi o'ziga xos tashrif qog'oziga aylangan - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

"The Guardian" gazetasi: London shahridagi o'zbek milliy restorani O'zbekistonning Britaniyadagi o'ziga xos tashrif qog'oziga aylangan



LONDON, 6-avgust. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning ommabop "The Guardian" gazetasida "O'zbek oshxonasini kim yoqtirmaydi? – Londondagi "OshPaz" restoraniga sharh" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

"Buyuk Britaniyada lag'mon, somsa va manti kabi o'zbek taomlari haqida ko'pchilik bilmaydi. London shahri aholisi va mehmonlari uchun diqqatga sazovor joy bo'lgan Pikkadilli sirkidan uncha uzoq bo'lmagan hududda o'zbek milliy taomlari markazi – "OshPaz" restorani ochilgan. Ushbu tamaddixonada o'zbek milliy do'ppilarini kiygan qizlar mehmonlarga xizmat ko'rsatadi", – deb yozilgan maqolada.

 

Nashrda qayd etilishicha, Londonning eng gavjum maskanlaridan biri – Rijent ko'chasida joylashgan restoran Buyuk Britaniya poytaxtidagi O'zbekistonning tashrif qog'oziga aylanib ulgurgan. Restoranga kelgan kishi mazali taomlarni tanavvul qilish bilan birga o'zbek dizaynerlarining eng yaxshi ishlariga ham guvoh bo'ladilar. Majmua devorlari o'zbek xalq amaliy san'ati namunalari, turli suratlar bilan bezatilgan. Binoning butun ko'rinishi sharqona mehmondo'stlik muhitini o'zida mujassam etgan. Bu yerda siz o'zbek milliy musiqalarini ham miriqib tinglashingiz mumkin.

 

"O'zbekistonda 35 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, ammo Buyuk Britaniyada lag'mon, non, somsa va manti haqida kam odam biladi. Mantining mashhur emasligi, ayniqsa, hayratlanarli, chunki manti o'zbek milliy oshxonasining muhim taomlaridan biri desak mubolag'a bo'lmaydi. "OshPaz"da manti mol go'shti, tovuq yoki qovoqdan tayyorlanadi. Xamirda tugilgan manti 40 daqiqa davomida bug'da pishiriladi. So'ng unga sabzi salati yoki qatiq qo'shib tanavvul qilish tavsiya qilinadi", – deyiladi manbada.

 

"Aytmoqchimanki, agar siz umringizning uch soatini maqsadli ravishda o'tkazmoqchi bo'lsangiz, ularni o'zbek palovini tayyorlashni o'rganishga sarflashingiz kerak, – deb yozgan "The Guardian" gazetasi. – Palov yog', piyoz, mol yoki qo'y go'shti, sabzi, guruch kabi masalliqlardan foydalanib pishiriladi. Siz palov tayyorlashda boshqa masalliqlarni ham qo'shishingiz mumkin. U esa oshpazdan yuksak mahoratni talab qiladi.

 

Menimcha, shunchaki "OshPaz"ga borib yangi pomidor va bodringdan tayyorlanga salat va qo'y yog'i hamda go'shtidan tayyorlangan palovga buyurtma berish kerak".

 

Nashrda qayd etilishicha, "OshPaz" restorani katta emas – uni faqat sifatli xizmati uchun mijozlar e'tirof etadi. Tamaddixona egasi Muzaffar Sodiqov 2009-yil Buyuk Britaniyaga kelgan. Muzaffar avvaliga IT yo'nalishi bo'yicha o'qigan, so'ngra britaniyaliklarga o'zbek oshxonasining lazzatli taomlarini pishirish sirlarini o'rgatishni o'zining rejalariga kiritdi. U o'z faoliyatini London atrofidagi turli xil ko'cha do'konlarida boshladi, keyinchalik Kovent-Gardendagi "Seven Dials Market" va Boroudagi "Mercato Metropolitano"da o'zbek milliy taomlarini Buyuk Britaniya aholisiga ulasha boshladi. Endi u Londonning "West End" hududida alohida restoranga egalik qiladi. Ushbu restoran bugungi kunda nafaqat "Pizza Hut", balki Sent-Jeymsning boshqa ovqatlanish maskanlari bilan ham raqobatlasha oladi.

 

"Tamaddixona menyusida palov, lag'mon, manti kabi o'zbek oshxonasining mazali taomlari o'rin olgan. Yana bir gap, bu yerda mijozlarga xizmat ko'rsatish ancha tez va sifatli amalga oshiriladi. Bundan tashqari, bu yerda toamlarning vegetarian variantlari ham mavjud. Albatta, o'zbek taomlarini O'zbekistonga borib tanavvul qilishga hech narsa yetmaydi. Bu reja biroz pul va vaqtni talab qiladi. Agar bunday imkoniyatingiz bo'lmasa, hech afsuslangmang, siz Pikkadilli maydonidagi o'zbek milliy restoraniga kelib ham O'zbekistonni kashf qilishingiz mumkin", – deyiladi maqola xulosasida.