LONDON, 8-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Hinduja Group" yirik investitsiyaviy va sanoat konglomerati raisi Gopichand Hinduja bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Britaniya tomoni O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida qo'shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Asli kelib chiqishi Hindistonga borib taqaladigan Gopichand Hinduja britaniyalik nufuzli biznesmen-milliarder hisoblanadi. U oilaviy kapitali hajmi bo'yicha (47 milliard dollardan ortiq) Buyuk Britaniyadagi eng boy odamlardan biridir. Gopichand Hinduja 1914-yilda otasi tomonidan asos solingan va bugungi kunda global sanoat hamda moliyaviy konglomeratga aylangan "Hinduja Group" oilaviy xoldingga rahbarlik qiladi. Xolding avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash, telekommunikatsiyalar, moliya, ta'lim, sog'liqni saqlash va boshqa sohalarda faoliyat yuritadi.