LONDON, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning Oksford universiteti ilmiy tadqiqotchisi Oskar Fraser bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot davomida Oksford universiteti qoshidagi ilmiy guruh tomonidan Amudaryo deltasi va Orol dengizi inqirozi haqida tayyorlangan hujjatli filmni taqdimotini o'tkazish xususida fikrlar almashildi.
Oskar Fraserning aytishicha, ushbu loyiha ilmiy maqsadlarda tayyorlangan bo'lib, uning asosiy homiylari O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi, Oksford universiteti ekspeditsiyalar kengashi, Oksford Nizomiy Ganjaviy markazi, "Royal Geographical Society", "Scientific Exploration Society", "Gilchrist Educational Trust" kabi tashkilotlardir.
Mazkur filmdan Amudaryo va Orol dengizining bugungi holati to'g'risida fikr-mulohazalar va tasvirlar o'rin olgan.
Uchrashuv davomida ushbu hujjatli film kelgusida Britaniyaning turli akademik doiralari orasida taqdimotini o'tkazish va shu orqali yetakchi olimlarning e'tiborini Orol dengizi muammosiga qaratish hamda Zarafshon-Amudaryo suv havzalari bilan tanishtirishdan iborat ekanligi ta'kidlandi.
"Filmning dastlabki taqdimoti O'zbekistonning Londondagi elchixonasi, Oksford universiteti ekspeditsiyalar kengashi, Oksford Nizomiy Ganjaviy markazi, "Royal Geographical Society" va boshqa tashkilotlar hamkorligida o'tkazishni rejalashtiryapmiz", - dedi loyiha muallifi.