LONDON, 14-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi baronessa Uddin bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat davomida Britaniya vakili Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va so'nggi yillar davomida respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma'rifiy sohalarda erishgan yutuqlari hamda yaqinda davlat vakillik organlariga bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik jarayoni bilan batafsil tanishtirildi.
Baronessa Uddin O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, rasmiy London Toshkent bilan barcha yo'nalishlarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.
Tomonlar O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish masalalari xususida fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni to'liq ro'yobga chiqarish maqsadida o'zaro muloqotlarni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.