LONDON, 14-avgust. /"Dunyo" AA/. Londonda O'zbekistonning investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda "Shell", "British Petroleum", "Glencore", "JCB", "Lloyds", "WOOD&Co.", "Barclays", "Rio Tinto", "HSBC", "Weir Group", "Hinduja", "Unilever", "AstraZeneca", "Linde", "Renaissance Capital", "PwC", "CBRE", "Sturgeon Capital", "TheCityUK", "LSE", "Delphos", "JP Morgan UK", "White&Case", "Deutsche Bank UK", "Gold Atlantic" kabi Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga milliy iqtisodiyotni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va ularning huquqiy himoyasini ta'minlash bo'yicha qabul qilingan qonunlar haqida ma'lumot berildi, O'zbekistondagi investitsion muhitga oid taqdimotlar namoyish qilindi.
Britaniya tomoniga qayta tiklanadigan energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, metall qazib olish, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va sintetik tola ishlab chiqarish sohalarida 10 dan ortiq aniq investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish taklifi bildirildi.
Xalqaro "Fieldfisher" yuridik firmasi hamkori, vatandoshimiz Nodir Sidiqov o'z nutqida, O'zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, jumladan, joriy etilgan imtiyozli soliq va bojxona tizimlari xorijiy investorlar uchun yangi istiqbollar ochayotganini alohida ta'kidladi.
"Export Certification Limited" kompaniyasi vakili Rob Grinnall Buyuk Britaniya biznesining O'zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini aytib o'tdi. Uning so'zlariga ko'ra, islohotlar va yaxshilangan sarmoyaviy muhit tufayli O'zbekiston yangi bozorlarda o'z ishtirokini kengaytirish istagida bo'lgan Britaniya kompaniyalari uchun jozibador maydonga aylanib bormoqda.
"Morgan Allen Associates" kompaniyasi rahbari Stefano Falciani bugungi kunda O'zbekiston bilan turli sohalarda hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi.
Shuningdek, forum doirasida Britaniya kompaniyalari rahbarlari bilan alohida muzokaralar, G2B va B2B formatlarida uchrashuvlar o'tkazildi. Ularda aniq investitsiya va infratuzilma loyihalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari so'nggi yillarda O'zbekistonda investitsiyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilangani, xalqaro kompaniyalarning mamlakatimizda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganini ta'kidladilar. Shu nuqtai nazardan, bir qator britan kompaniyalari vakillari kelasi yilning noyabr oyida Toshkent shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan O'zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashi (UBTIC) yig'ilishi doirasida o'tkaziladigan biznes-forumda ishtirok etish istaklari haqida ham ma'lum qilishdi.