Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Britaniyada sun'iy intellekt sohasida yuqori natijaga erishgan vatandoshimiz O'zbekistonda qo'shma loyihani amalga oshirishga tayyor - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Britaniyada sun'iy intellekt sohasida yuqori natijaga erishgan vatandoshimiz O'zbekistonda qo'shma loyihani amalga oshirishga tayyor



LONDON, 16-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Teens in AI" kompaniyasining asoschisi va bosh ijrochi direktori Yelena Sinel bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

2018-yilda tashkil etilgan "Teens in AI" loyihasi yoshlarning sun'iy intellekt (AI) va texnologiyalar sohasida bilim hamda ko'nikmalarini oshirish, ularni ilm-fan va texnologiyalarga qiziqtirish, innovatsion salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, ijodkorlik salohiyatini namoyon qilish yo'nalishida faoliyat olib boradi.

 

Yelena Sinel O'zbekiston fuqarosi bo'lib, bir necha yildan buyon Buyuk Britaniyada istiqomat qilib kelyapti. Britaniyaning axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklar, tahlillar va tendensiyalarga ixtisoslashgan yetakchi "ComputerWeekly.com" veb-sayti reytingiga ko'ra, u Buyuk Britaniyaning texnologiyalar sohasidagi mutaxassislarning "Top-50" ro'yxatiga kirgan.

 

Suhbat davomida "Teens in AI" bilan istiqbolda O'zbekistonda qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

 

"Taklif etayotgan loyihalar va o'quv kurslari yoshlarning ilm-fan va texnologiyalarga bo'lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. Ularni ijtimoiy mas'uliyatni his qilishga va sun'iy intellektni insoniyatga foydali yo'llar bilan qo'llashga yo'naltiradi", dedi Yelena Sinel.

 

Qayd etilishicha, hozirgi kunga qadar "Teens in AI" mutaxassislari tomonidan dunyoning 60 dan ziyod mamlakatida 15 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olgan sun'iy intellekt va texnologiyalar bo'yicha loyihalar amalga oshirilgan.

 

Xorijiy kompaniyaning O'zbekiston bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

 

Uchrashuv yakunida O'zbekiston yoshlarining sun'iy intellekt va texnologiyalar sohasida bilim va ko'nikmalarini oshirish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.