
LONDON, 8-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi baronessa Varsi, Jamoatlar palatasi vakillari Jim Dikson va Vendi Morton bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.+
Britaniya parlamenti a'zolari O'zbekistonda 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi jarayoni bilan tanishdilar.
Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va so'nggi yillarda respublikaning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari alohida urg'ulandi.
Britaniya parlamenti a'zolari O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, rasmiy Londonni Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidlashdi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, Britaniya parlamentining yangi a'zolari bilan aloqalarni jadallashtirish masalalari xususida ham fikr almashildi.
Britaniya parlamenti a'zolariga shu yil 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni to'liq ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy harakatlarni jadallashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi.