LONDON, 16-sentabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 11-12-sentabr kunlari O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyevning Buyuk Britaniyaga tashrifi doirasida Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) va Oksford islom tadqiqotlari markazida (OCIS) uchrashuvlar bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davra suhbatida O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha ko'rib chiqildi. Britaniyalik ekspertlarga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik va bozor islohotlari, mamlakatimizni yanada rivojlantirish strategiyasi haqida batafsil ma'lumot berildi. Bo'lajak parlament saylovlariga, O'zbekistonning dolzarb mintaqaviy masalalar bo'yicha pozitsiyasini oydinlashtirishga alohida e'tibor qaratildi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti va Oksford islom tadqiqotlari markazi vakillari Markaziy Osiyo hamda mintaqa bo'yicha tadqiqotlar olib borishga qiziqish ortib borayotganini ta'kidladilar. Shuningdek, O'zbekistondagi tahlil markazlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo'shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, seminarlar va konferensiyalar o'tkazishga katta qiziqish bildirildi.
1958 yilda tashkil etilgan IISS xavfsizlik va strategik tadqiqotlar bo'yicha dunyodagi yetakchi tahlil markazlaridan biridir. Institut strategik tavsiyalar ishlab chiqish uchun turli mamlakatlardagi siyosiy va ilmiy doiralar bilan faol hamkorlik qiladi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi islom madaniyati va sivilizatsiyasini o'rganish maqsadida 1985-yilda tashkil etilgan. Markaz ilmiy-tadqiqot dasturlari, ma'ruzalar va seminarlar orqali islom dinining turli sohalarga ta'sirini chuqurroq anglashda muhim o'rin tutadi.