Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Britaniyadan munosabat: O'zbekiston va Germaniya hamkorligi mintaqada barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiluvchi muhim omilga aylanib bormoqda - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Britaniyadan munosabat: O'zbekiston va Germaniya hamkorligi mintaqada barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiluvchi muhim omilga aylanib bormoqda



LONDON, 17-sentabr. /"Dunyo" AA/. Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining (IISS) Rossiya va Yevroosiyo bo'yicha loyiha menejeri Nayjel Gould-Devis (Buyuk Britaniya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Germaniya Federal kansleri Olaf Sholsning O'zbekistonga buyurgan rasmiy tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:

 

— O'zbekiston bilan Germaniya o'rtasidagi munosabatlar yuqori rivojlanish sur'atini namoyon etmoqda va u yangi strategik bosqichga ko'tarildi. Germaniya nafaqat muhim iqtisodiy sherik, balki murakkab xalqaro ziddiyatlar jarayonida suverenitet va mustaqillikni mustahkamlashga intilayotgan O'zbekistonning ittifoqchisidir.

 

Darhaqiqat, O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi asosiy davlat sifatidagi geosiyosiy ahamiyati ortib bormoqda. Germaniya bilan aloqalar mintaqada barqarorlikni ta'minlashda muhim rol o'ynashi mumkin. Xalqaro maydon tobora ko'p qutbli bo'lib borayotgan bir paytda Germaniya O'zbekiston uchun ishonchli hamkor hisoblanib, respublikaning iqtisodiy va siyosiy ufqlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, oliy darajadagi aloqalarning faollashgani xalqaro hamjamiyat uchun O'zbekistonning jahon siyosatidagi o'z mavqeini mustahkamlash niyatidan dalolat beruvchi muhim signaldir.

 

Germaniya bilan iqtisodiy sheriklik nafaqat investitsiya, balki O'zbekistonning strategik barqarorlikka qo'shayotgan hissadir. Global beqarorlik va o'zgaruvchan ta'minot zanjirlari sharoitida yaqin hamkorlik O'zbekistonga iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash va infratuzilmani modernizatsiya qilishda ko'mak beradi hamda har ikki davlat uchun uzoq muddatli foyda keltiradi.

 

Kelajakning global muammolarini hal eta oladigan intellektual mutaxassislar sinfini shakllantirishda mamlakatlar o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalar muhim o'rin tutadi.

Xalqlar o'rtasida mustahkam iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni yaratuvchi mehnat migratsiyasi mexanizmlarini ishlab chiqish ham alohida ahamiyatga ega.

 

Ishonchim komilki, Federal Kansler Olaf Sholsning rasmiy tashrifi nafaqat iqtisodiy va madaniy hamkorlikka, balki siyosiy muloqotga, O'zbekistonni Germaniyaning Markaziy Osiyodagi muhim sherigi sifatidagi mavqeini yana-da mustahkamlashga yangi sur'at bag'ishlaydi. Shuningdek, geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi yaqin aloqalar mintaqada barqarorlik hamda taraqqiyotni ta'minlashga xizmat qiladi.