LONDON, 23-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning Eksport va xalqaro savdo bo'yicha malakali instituti (Chartered Institute of Export and International Trade – CIEIT) bosh direktori Marko Forjione bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Eksport va xalqaro savdo bo'yicha malakali instituti (CIEIT) 1935-yilda tashkil etilgan bo'lib, Britaniyadagi xalqaro savdo va eksport sohasida ixtisoslashgan professional "aql markazi" hisoblanadi. Markazning asosiy faoliyati savdo va eksport sohasida tadqiqotlar olib borish hamda ushbu yo'nalishdagi mutaxassislarni qo'llab-quvvatlash, ularning bilim salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, institut hamkor tashkilotlarga xalqaro savdo qonunchiligi, eksport nazorati, bojxona va logistika bilan bog'liq masalalarni hal etishda ilmiy va amaliy yordam ko'rsatadi.
Muloqot chog'ida O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ilmiy va amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Eksport va xalqaro savdo bo'yicha malakali instituti hamda O'zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari o'rtasida hamkorlik o'rnatish, eksport jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan yurtimiz tadbirkorlari uchun treninglarni tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.