LONDON, 28-sentabr. /"Dunyo" AA/. Britaniya muzeyida ochilgan O'zbekiston tarixiga oid noyob ko'rgazma ushbu mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilayotir, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Britaniyalik jurnalistlarning yozishicha, ko'rgazma nafaqat mintaqaning noyob osori-atiqalari va madaniy yutuqlarini namoyish etdi, balki O'zbekistonning tarixiy Ipak yo'lining asosiy bo'g'ini sifatidagi muhim rolini ham ta'kidladi.
Jumladan, "The Times" gazetasida bosilgan "Ipak yo'lini o'rganish – Britaniya muzeyi ajoyib muvaffaqiyatga erishdi" sarlavhali maqolasida yozganidek, O'zbekistonga bag'ishlangan ushbu ko'rgazma loyihasi hayratlanarli yutuqdir. Sharq va G'arbni bog'lovchi yo'nalishlar tarmog'iga bag'ishlangan ko'rgazmada 300 dan ortiq eksponatlar – go'zal, noodatiy va murakkab obyektlar o'rin olgan. Ular orasida hozirgi O'zbekiston hududidagi Samarqanddan topilgan fil suyagidan yasalgan shaxmat donalari tashrif buyuruvchilarga katta taassurot qoldiradi.
Maqola muallifining qayd etishicha, ko'rgazma Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatini chuqurroq anglash imkonini ham beradi.
"The Guardian" gazetasida chop etilgan "Ipak yo'llari – jahon tarixini yorituvchi hayratlanarli shou" sarlavhali maqolada ta'kidlanishicha, Britaniya muzeyidagi ko'rgazma Osiyo, Yevropa va Shimoliy Afrikaning minglab yillar davomida Ipak yo'li deb nomlangan savdo yo'llari orqali o'zaro bog'langanligini ko'rsatadi. Bu Sharq va G'arb madaniyatlari alohida-alohida emas, balki o'zaro uyg'un holda rivojlanganligidan dalolatdir.
"Ko'rgazma tarixni jonlantiradi. Asosiy e'tibor eramizning 500-1000 yillari, yangi dinlar, madaniyatlar va badiiy uslublar paydo bo'lgan bo'lgan davrga qaratilgan. To'plam Yevroosiyoning Afg'onistondan Andalusiyagacha bo'lgan ko'plab mintaqalarini qamrab olgan bo'lib, san'at, g'oyalar va buyumlarning Ipak yo'li bo'ylab qanday tarqalishini namoyish etadi",– deyiladi nashrda.
Qadimiy osori-atiqalari o'zining nafisligi bilan hayratga soladigan so'g'd xalqlari madaniyatiga e'tibor qaratilgan. Ko'rgazmada nafaqat jangchi, balki ulug'vor san'at yaratuvchisi bo'lgan ko'chmanchi xalqlarning ahamiyati ham alohida ochib berilgan.
"Ushbu ko'rgazma Ipak yo'li haqida ba'zi odamlar kutganidan mutlaqo boshqacha tasavvurni taqdim etadi... Sharq va G'arb o'rtasidagi yagona savdo yo'li bo'lgan Ipak yo'lini qit'alarni bir-biriga bog'lovchi yo'l sifatida bilamiz. Ushbu qadim yo'l Osiyoni, Afrika va Yevropa bilan bog'lagan", - deb yozilgan "Reuters" axborot agentligi tarqatgan maqolada.
"The Standard" gazetasida chop etilgan "Britaniya muzeyidagi Ipak yo'llari: maftunkor qadimiy shaharlar va sivilizatsiyalar romantikasi" sarlavhali maqolada Britaniya muzeyida ochilgan "Ipak yo'li" ko'rgazmasi faqat ipak haqida emasligi ta'kidlangan. Unda Markaziy Osiyoda yashagan qadimiy so'g'diylarga alohida e'tibor qaratilgan bo'lib, ularning yog'och o'ymakorligi va suyakdan yasalgan ashyolari Ipak yo'lidagi madaniy xilma-xillik va diniy ta'sirlarni namoyon etadi.
"Mavzularning rang-barangligiga ko'rgazmaga tashrif buyuruvchilarni Ipak yo'lining sirli olamiga, madaniyatlar va savdo yo'llari kesishgan manzillar sari eltadi", – deb yozgan muallif o'z xulosasida.
Ushbu ko'rgazma haqidagi maqolalar, shuningdek, "The Art Newspaper" gazetasi, "Apollo Magazine" va boshqa mashhur britan nashrlarida ham chop etilgan.