LONDON, 29-sentabr. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning "Bi-Bi-Si" media korporatsiyasi Londondagi Britaniya muzeyida ochilgan O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarining noyob eksponatlari taqdim etilgan "Ipak yo'li" ko'rgazmasiga bag'ishlangan maxsus reportajni taqdim etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Buyuk Britaniyada ilk bor namoyish etilayotgan O'zbekiston muzey kolleksiyalaridan 14 ta noyob eksponat taqdimoti ko'rgazmaning asosiy tadbirlaridan biri bo'ldi. Markaziy Osiyo madaniy merosining ulug'vorligini aks ettiruvchi ushbu osori-atiqalar dunyodagi eng nufuzli muzeylardan birida munosib o'rinlarni egallaydi.
"Ko'rgazma Buyuk ipak yo'lining Sharq va G'arb madaniyatlari o'rtasidagi ko'prik roliga bag'ishlangan. Asrlar davomida tog'lar, cho'llar va dashtlar orqali xavfli yo'llarni bosib o'tib, bilim, tovar va g'oyalarni Yevroosiyo qit'asining qarama-qarshi chekkalariga olib o'tgan savdogarlar, olimlar va sayohatchilarning o'zaro hamkorligiga e'tibor qaratilgan. Antik davrdan o'rta asrlargacha bo'lgan davrlarni aks ettiruvchi O'zbekiston eksponatlari mintaqaning madaniy xilma-xilligi, badiiy mahorati va global aloqalarni rivojlantirishdagi ahamiyatini namoyish etadi", – deyiladi manbada.
"Bi-bi-si" xabariga ko'ra, ko'rgazma nafaqat tarixiy ahamiyati, balki taqdim etilgan artefaktlarning o'ziga xosligi bilan ham keng jamoatchilik e'tiborini tortdi.
Shuningdek, bunday salmoqli madaniy tadbirni o'tkazish imkonini bergan Buyuk Britaniya va O'zbekiston muzeylari o'rtasidagi hamkorlik alohida qayd etilgan.
"Ipak yo'li" allaqachon London madaniy taqvimidagi asosiy tadbirlardan biri sifatida e'tirof etilyapti va madaniyatlararo muloqot hamda xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda", – deb ta'kidlangan reportajda.