LONDON, 2-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniyaning nufuzli Xalqaro taraqqiyot instituti (XTI) direktori Sara Pantuliano va institut ekspertlari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalishlar hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha ko'rib chiqildi. Britaniyalik ekspertlarga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizni yanada rivojlantirish bo'yicha strategiyalar haqida batafsil ma'lumot berildi. Bo'lajak parlament saylovlariga, O'zbekistonning dolzarb mintaqaviy muammolar bo'yicha pozitsiyasini oydinlashtirishga alohida e'tibor qaratildi.
Institut rahbari O'zbekiston bilan bugungi hamkorlikni yuqori baholadi. Ekspertlar, shuningdek, XTIning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotganini qayd etib, mintaqadagi tahlil markazlari bilan birgalikda tadqiqotlar, davra suhbatlari va konferensiyalar o'tkazishga tayyor ekanini bildirdi. Muhokamaning muhim yo'nalishi iqlim xavfini transchegaraviy boshqarish sohasida hamkorlik qilish taklifi bo'ldi. Shu yil noyabr oyida Boku shahrida bo'lib o'tadigan COP29 iqlim sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
XTI Buyuk Britaniyaning xalqaro taraqqiyot va gumanitar yordamga ixtisoslashgan yetakchi tahlil markazlaridan biridir. Institut barqaror rivojlanish, iqtisodiy o'sish, kambag'allikni tugatish va iqlim o'zgarishi sohalarida global siyosatni ishlab chiqishga ko'maklashadi. Hukumatlar, xalqaro va nohukumat tashkilotlar bilan yaqin aloqalari orqali institut global rivojlanish va ijtimoiy siyosat masalalari bo'yicha strategiya hamda tavsiyalarni ishlab chiqishda muhim o'rin tutadi.