LONDON, 8-oktabr. /"Dunyo" AA/. Shu yil 4-7-oktabr kunlari O'zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelsda (Buyuk Britaniya) o'tkazilgan dunyoning eng murakkab va nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri – "Kembriya patruli"da yurtimiz sharafini munosib himoya qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Joriy yildagi musobaqalarda 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog'iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoa 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o'tib, eng murakkab tabiiy va taktik to'siqlarni yengdi. Har 8-10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operatsiyalari va murakkab joylarda yo'nalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajardilar.
O'zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi yuqori darajadagi professionalizm va jamoaviylikni namoyish etib, o'z guruhida
13 jamoa orasida birinchi o'rinni egalladi. Ular barcha bosqichlarda muvaffaqiyatli tarzda zararlangan hududlardan o'tib, taktik operatsiyalardagi mahoratini ko'rsatib, marshrutni birinchilarlar safida yakunladilar.
Umumiy natijalarga ko'ra, O'zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo'ldi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, britaniyalik harbiy mutaxassislar O'zbekiston harbiy xizmatchilarining tayyorgarlik darajasini yuksak baholab, ularning professionalizmi va jangovar vazifalarni bajarishdagi mukammal ko'nikmalarini e'tirof etdilar.
"Kembriya patruli" 60 yildan buyon muntazam o'tkazib kelinmoqda. Musobaqa dunyo bo'ylab harbiy bo'linmalarni haqiqiy jangovar sharoitlarda ularning jangovar ko'nikmalari va chidamliligini sinovdan o'tkazish uchun birlashtiradi. Unda ishtirokchi bo'linmalar 48 soatdan kamroq vaqt ichida 70 km masofani bosib o'tib, ko'plab harbiy manyovrlar va patrullik vazifalarini bajaradilar. Mashg'ulotlar Uelsning markaziy qismidagi tog'lar va botqoqliklar kabi o'tish qiyin bo'lgan hududlarda o'tkaziladi.
"Kembriya patruli" birinchi marta 1959-yil avgustda general-mayor Lyuis Pyu tomonidan tashkil etilgan bo'lib, o'sha vaqtda bo'linmalar Uelsning g'arbiy qirg'og'idagi Tonfanau shahridan Kembriya tog'lari bo'ylab uzoq masofaga marsh-brosok o'tkazgan. Shundan buyon mashg'ulotlar doimiy ravishda yangilanib, zamonaviy sharoitlarga moslashtirildi.
Musobaqalarda jamoalar sakkiz nafar erkak yoki ayollardan tashkil topgan holda murakkab hududlarda patrullik qiladi. Bu sinov liderlik qobiliyati, o'z-o'zini boshqarish, jasorat, jismoniy chidamlilik va qat'iyatlikni talab etadi.
Odatda mashg'ulotlar jamoalar uchrashuv joyiga yetib kelgandan keyin boshlanadi, bu yerda ularning jihozlari tekshiriladi va zarur barcha anjomlar bor-yo'qligi aniqlanadi. Shundan so'ng, jamoa komandiri buyruqni qabul qiladi, qolgan a'zolar esa tezda o'zlariga boshpana tayyorlaydilar, jangovar tayyorgarlik ko'radilar va buyruqni olishga hozirlik ko'radilar, ya'ni ular patrullik qiladigan hududning maketini tayyorlaydilar. Ko'plab jamoalar musobaqani yakunlay olmaydi, marraga yetib borganlar esa uchta mukofot – oltin, kumush yoki bronza medallaridan biri qo'lga kiritadi.