LONDON, 11-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Chapman Taylor" xalqaro kompaniyasi Kuzatuv kengashi direktori Kris Lenksberi bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Kris Lenksberi O'zbekistonda qurilish va me'morchilik sohalarida amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlarni yuqori baholadi va kelgusida tashkilotning respublikadagi manfaatdor idora va korxonalar bilan hamkorliklarni yo'lga qo'yish hamda kengaytirishga o'z hissasini qo'shishga tayyorligi bildirildi.
Muzokaralar davomida 9 oktyabr kuni bo'lib o'tgan Toshkent shahrining bosh rejasi hamda Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi va Buxoro xalqaro aeroportining qurilishiga doir taqdimotlar haqida batafsil so'zlab berildi. Muhandislik prinsiplariga muvofiq tayyorlanayotgan va ilmiy asoslangan har bir yirik me'morchilik loyihalari O'zbekiston rahbariyatining doimiy e'tiborida ekanligi qayd etildi.
Xorijiy tomonga, shuningdek, Yangi Toshkent shahrini barpo etish loyihasi, uy-joy qurilishi va shaharlarni yangilash yo'nalishida hamda Buxoro viloyatidagi 62 ta massiv va 54 ta ko'chada mehmonxona hamda ovqatlanish tarmoqlarini barpo qilish bo'yicha rejalar yuzasidan ham ma'lumot berildi.
Tomonlar kelgusida nufuzli yo'nalishlarda qo'shma loyihalar va me'morchilik sohalarida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muloqot yakunida "Chapman Taylor" kompaniyasi va O'zbekistonning manfaatdor tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish bo'yicha sa'y-harakatlarni davom ettirishga kelishib olindi.
"Chapman Taylor" yirik, murakkab va zamonaviy arxitektura loyihalari bo'yicha o'z xizmatlarini taqdim etadi. Muassasa 1959-yilda ta'sis etilgan. Hozirgi kunga qadar kompaniya tomonidan 100 dan ziyod mamlakatlarda 3 mingdan ortiq yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
"Chapman Taylor" me'morchilik, loyihalashtirish va binolarning dizayni yo'nalishlarida nufuzli xalqaro mukofotlarni qo'lga kiritgan. Kompaniya Toshkent shahrida bir qancha xususiy ko'p qavatli turar joy obyektlarini ham loyihalashtirgan. Kompaniyaning dunyo bo'ylab 15 ta filiali mavjud.