LONDON, 11-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Britaniya poytaxtida hamyurtimiz, iste'dodli ijodkor Aziza Qodiriyning "Spinning Tales–Yigiruv ertaklari" nomli shaxsiy ko'rgazmasining tantanali ochilish marosimi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Londonda ilk bor o'tkazilayotgan mazkur ko'rgazma O'zbekiston va Britaniya o'rtasidagi madaniyat yo'nalishlarida hamkorlik aloqalarini yana-da jadallashtirish hamda respublika amaliy san'atini keng targ'ib etish maqsadida tashkil etildi.
Aziza Qodiriy san'atning ko'pgina yo'nalishlarida, jumladan, rassomchilik, hunarmandchilik, to'qimachilik va eksperimental kostyumlar, spektakllar uchun installyatsiyalar yaratish hamda virtual chizgilar chizish sohalarida ijod qiladi. Serqirra ijodkor 2017-yilda Pekindagi Singhua universitetini dizayn va moda yo'nalishini hamda 2020-yilda Londondagi Markaziy Sent-Martins universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. O'zining professional faoliyati davomida u butun Yevroosiyo qit'asida xalqaro miqyosda teatr, jonli ijrolar, filmlar va HR loyihalari uchun dizayn ishlab chiqqan. Shuningdek, u bir qator ijtimoiy yo'naltirilgan loyihalar bo'yicha badiiy mahorat darslarini o'tkazib kelmoqda. Aziza Qodiriy 2024-yil Venetsiya biyennalesida O'zbekiston milliy pavilyonining bosh rassomi yetib tayinlangan.
Tadbirda ilmiy-akademik doiralar, taniqli san'atshunoslar va dizaynerlar hamda keng jamoat doiralari vakillari, ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Taqdimot avvalida O'zbekistonning elchisi Ravshan Usmanov ishtirokchilarni respublikada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda O'zbekiston va Britaniya o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari bilan batafsil tanishtirdi.
Ko'rgazmada Aziza Qodiriyning "Yigiruv ertaklari" nomli ko'plab ekspozitsiyalarining taqdimot o'tkazildi.
Uning asarlari o'zida shakl va materiallarni, jumladan, eksperimental kostyum dizayni, to'qimachilik, ijrochilik, montaj san'ati, virtual va kengaytirilgan voqelikni mujassam etgan.
Ishtirokchilar mazkur ko'rgazma misolida O'zbekistonda madaniyat, san'at, ilm-fan, ta'lim-tarbiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadilar.