LONDON, 26-oktabr. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning "London Post" axborot portali va "EM INSIGHT" jurnali saytlarida "Yangi O'zbekiston: Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"27-oktabr kuni O'zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo'lib o'tadi, – ma'lum qilingan maqolada. – Mazkur saylovlarning demokratiya, ochiqlik, oshkoralik va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida o'tkazilishi ko'p jihatdan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma'naviy vaziyat, saylov qonunchiligining mukammal asoslari mavjudligiga bog'liq".
O'zbekistonda xalqaro norma va standartlarga to'la mos keladigan saylovlar orqali davlat hokimiyati organlari va institutlarini shakllantirish tajribasi to'plangan. Shu bilan birga, O'zbekiston Konstitutsiyasi fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishning muhim kafolatidir. Shunday qilib, Konstitutsiyada belgilangan saylov o'tkazish tamoyillaridan kelib chiqib, Saylov kodeksi qabul qilindi.
"O'zbekiston islohotlar va xalqaro tashabbuslar yo'lida qat'iy qadam tashlab, "Mamlakat kelajagi, kelajak avlodlar hayoti, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy huquqlari har bir saylovchining ovozida mujassam" degan shiorga qat'iy amal qilmoqda", – deb ta'kidlagan elektron nashrlar.
Qayd etilishicha, Toshkentda Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida bo'lib o'tgan "Saylov demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amaliyotga tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida" mavzusidagi sessiyada bu yana bir bor ta'kidlandi.
Xorijlik va mahalliy ekspertlar yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, erishilayotgan yutuqlar, mamlakatimizning mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma'naviy-ma'rifiy makonini shakllantirish, tashqi va ichki siyosatning ustuvor vazifalari yuzasidan fikr almashdilar.
Britaniya OAV, shuningdek, Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida "Barkamol va sog'lom avlod – yangi O'zbekiston kelajagi poydevori", "O'zbekistonda so'z va ommaviy axborot vositalari erkinligi, ijtimoiy tarmoqlarning keng rivojlanishi – demokratik qadriyatlarni kengaytirish yo'li", "Ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish va kambag'allikni qisqartirish, fuqarolarning sog'liqni saqlashga bo'lgan huquqlari kafolatlarini ta'minlash, gender tengligini ta'minlash", "Erkin fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish" va boshqa mavzularda qator sessiyalar o'tkazildi", – deb yozgan.