Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Londonda o'zbek milliy raqs san'ati tarixiga bag'ishlangan ilk ingliz tilidagi kitobning taqdimoti o'tkazildi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Londonda o'zbek milliy raqs san'ati tarixiga bag'ishlangan ilk ingliz tilidagi kitobning taqdimoti o'tkazildi



LONDON, 30-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan "Britaniya-O'zbekiston" jamiyati bilan birgalikda Laurel Viktoriya Grey qalamiga mansub "O'zbekiston ayollar raqslari an'analari" ("Women's dance traditions of Uzbekistan") kitobining taqdimoti tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

O'zbek milliy raqsi tarixi va rivojlanish bosqichlariga bag'ishlangan mazkur kitob Britaniyaning "Bloomsbury Academic Press" noshirlik uyi tomonidan chop etildi.

 

Tadbirda Buyuk Britaniya ilmiy-akademik, ekspert-tahliliy, xorijiy diplomatik korpus vakillari, san'atshunoslar va jamoat doiralarining 100 nafardan ortiq ishtirokchilar hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar qatnashdi.

 

O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov o'z nutqida, ishtirokchilarga respublikada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda Britaniya bilan hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari to'g'risida batafsil so'zlab berdi. 

 

Shuningdek, xorijiy tomonga madaniyat va san'atni rivojlantirish, jumladan o'zbek madaniyatini va boy tarixiy merosini targ'ib qilish yo'nalishlarida olib borilayotgan sa'y-harakatlar haqida ma'lumotlar berildi.

 

Muallif mazkur asarida o'zbek raqs san'ati, uning tarixi va o'ziga xosligi hamda uning "Ipak yo'li" bo'ylab rivojlanish davrlariga katta e'tibor bergan. Unda o'zbek raqs yo'nalishlaridan Farg'ona, Xiva va Buxoro kabi hududlarga oid raqs uslublari haqida muhim ma'lumotlar keltirilgan.

 

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, mazkur kitob o'zbek raqs san'ati va madaniyatiga doir ingliz tilidagi birinchi asar hisoblanadi.

 

"O'zbekiston ayollar raqslari an'analari" kitobining taqdimoti ishtirokchilarda juda katta qiziqish uyg'otdi. Bundan rasmiy tadbirdan keyin bo'lib o'tgan o'zaro suhbatlarda xorijiy mehmonlarning faol ishtirok etgani dalolat beradi.

 

Ishtirokchilar O'zbekistonda ilm-fan, ta'lim-tarbiya, madaniyat sohalarini, xususan san'atni rivojlantirish va jamiyatdagi o'rni hamda ta'sirini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e'tirof etishdi.