LONDON, 1-noyabr. /"Dunyo" AA/. Oksford universitetida mazkur oliy ta'lim muassasasi ilmiy tadqiqotchisi Oskar Fraser boshchiligidagi ilmiy-ijodiy guruh tomonidan suratga olingan Amudaryo deltasi va Orol dengizi inqirozi haqidagi hujjatli filmning taqdimoti o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Buyuk Britaniya ilmiy-akademik, ekspert-tahliliy vakillar, san'atshunoslar, jamoat doiralari va talabalar qatnashdi.
O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov taqdimot avvalidagi ma'ruzasida ishtirokchilarni respublikada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, O'zbekiston-Britaniya hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari haqida batafsil so'zlab berdi.
Shuningdek, xorijiy tomon O'zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ortga qaytmas islohotlar, ayniqsa atrof-muhit himoyasi hamda iqlim o'zgarishi sohalarida, jumladan tabiatni asrash va avaylash, suv resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish yo'nalishlarida olib borilayotgan sa'y-harakatlar bilan tanishtirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta'sis etilgan O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Iqlim kengashi va uning faoliyati hamda asosiy vazifalari to'g'risida ta'kidlandi.
Oskar Fraserning aytishicha, ushbu loyiha ilmiy maqsadlarda tayyorlangan bo'lib, uning asosiy homiylari hamda qo'llab-quvvatlovchilari O'zbekiston elchixonasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi, Xorazm va Qoraqalpog'istondagi universitetlar, Oksford universiteti Ekspeditsiyalar kengashi, "Royal Geographical Society", "Scientific Exploration Society", "Gilchrist Educational Trust" kabi tashkilotlar bo'ldi.
Mazkur filmda Amudaryo haqidagi lavhalar o'rin olgan va Orol dengizi inqirozi to'g'risidagi fikr- mulohazalar bildirilgan.
Film kelgusida Britaniyaning turli akademik doiralari orasida namoyish etiladi. Bundan maqsad yetakchi olimlar e'tiborini Orol dengizi muammosiga qaratish va Zarafshon-Amudaryo suv havzalari bilan tanishtirishdan iborat.
Taqdimot ishtirokchilari O'zbekistonda ekologiya, atrof-muhitni asrash va iqlim o'zgarishi ta'sirini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlarni yuqori baholashdi.