LONDON, 5-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatlari London Brunel universitetida bo'lib, mazkur oliy ta'lim muassasasining xalqaro hamkorlik masalalari bo'yicha prorektori professor Trevor Xoy bilan uchrashuv o'tkazishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Britaniya tomoni O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va davlatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati bilan batafsil tanishtirildi.
Tomonlar oliy ta'lim va ilmiy tadqiqotlar, jumladan, ikki tomonlama diplom berish dasturlari, o'qituvchilar va talabalar almashinuvi yo'nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari e'tibor qaratdilar.
Prorektor Trevor Xoy O'zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlarni va yoshlarning sifatli ta'lim olishi uchun yaratib berilgan sharoitlarni yuqori baholadi. "O'zbekistonda Britaniya ta'lim standartlarini joriy etishdan manfaatdormiz. Respublika oliy ta'lim muassasalari bilan turli yo'nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga ham tayyormiz", dedi u.
Diplomatlar tashrif davomida ushbu universitetda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan ham alohida uchrashuv o'tkazdilar.
London Brunel universiteti ilk bora 1798 yilda kollej sifatida tashkil etilgan. Shuningdek, u 1960-yildan e'tiboran Universitet shaklida qayta ta'sis etilgan. Ta'lim muassasasi Britaniya hukumatiga tegishli. Hozirda unda 19 ming nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Muassasada 2,5 ming nafar professor-o'qituvchi faoliyat yuritadi. Universitetda muhandislik va fizika sohalaridan tashqari biznes boshqaruvi, tibbiyot, ijtimoiy fanlar, IT, san'at va dizayn yo'nalishlarida saboq beriladi. Uning huzuridagi ilmiy-amaliy laboratoriyalarda muhandislik sohalarida ko'plab innovatsion tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.