LONDON, 6-noyabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya poytaxtida turizm sohasida dunyodagi eng yirik xalqaro ko'rgazma va yarmarkalardan biri – "World Travel Market London - 2024" bo'lib o'tayapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ko'rgazmada mamlakatimiz elchixonasi, Turizm qo'mitasi, "Uzbekistan Airways" va yurtimizning Britaniyadagi turizm brendi Sofi Ibbotson ko'magida O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi.
Shuningdek 10 dan ortiq milliy sayyohlik kompaniyalari, jumladan, "Dolores Travel Group", "Asialuxe Travel", "Rocket Travel", "Mice Uzbekistan", "Itara" va boshqalar ishtirok etmoqda.
Milliy stendda O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tashkil etildi. Unda tashrif buyuruvchilar respublikamiz, jumladan uning boy madaniy va tarixiy merosi, qadimiy shaharlari, mehmondo'stlikning zamonaviy rivojlanishi va infratuzilmalar haqida batafsil ma'lumot olish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
O'zbekiston pavilyonida yangi sayyohlik yo'nalishlarini qidirayotgan Britaniya va xorijiy kompaniyalar bilan B2B formatida muzokaralar o'tkazish uchun sharoitlar tashkil etilgan.
"WTM" turizm sohasidagi eng yirik va mashhur xalqaro ko'rgazma va yarmarkalardan biri bo'lib, ushbu sohadagi deyarli barcha xizmatlarni o'z ichiga oladi.
Ko'rgazma 2009-yildan beri har yili Londonda muntazam o'tkazib kelinyapti Joriy yil "WTM"da 180 dan ortiq mamlakatlar, 4 mingga yaqin sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlarning stendlari turizm sohasidagi 40 mingdan ortiq mutaxassislar tomonidan namoyish etilyapti.