LONDON, 7-noyabr. /"Dunyo" AA/. London shahrida Britaniyaning nufuzli UCL – University College London universiteti professori Milyana Radivoyevich rahbarligidagi "Yevroosiyo metallurgiyasining evolyutsiyasini kashf qilish (R): bronza davrida metallardan foydalanishga asoslangan iqtisodiyotning ijtimoiy va ekologik ta'siri" mavzusidagi arxeologik grant loyihasining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Yevropadagi nufuzli oliy ta'lim muassasalari professorlari, ilmiy tadqiqotchilar, arxeologlar, tarixchi olimlar va talabalar ishtirok etdi.
Taqdimot davomida O'zbekiston elchixonasi xodimlari tomonidan mazkur loyihaning respublika hududi tarixini o'rganishdagi ahamiyati va yurtimiz hududlarining qadimiy Ipak yo'li rivojidagi muhim o'rni haqida ma'lumot berildi.
Mazkur grant loyihasi Yevropa Komissiyasi tomonidan moliyalashtiriladi.
Loyiha Ipak yo'lining eng muhim manzillari hisoblangan O'zbekiston va uning hududida bronza davrida metall ishlab chiqarish texnologiyalarining evolyutsiyasi va bosqichlariga bag'ishlanadi.
Kelgusida O'zbekiston olimlarining mazkur loyihaga jalb etilishi nazarda tutilgan.
"Bugun "Yevroosiyo metallurgiyasining evolyutsiyasini kashf qilish (R): bronza davrida metallardan foydalanishga asoslangan iqtisodiyotning ijtimoiy va ekologik ta'siri" mavzusidagi arxeologik loyihamizning rasmiy ochilish marosimini o'tkazdik. Loyihadagi asosiy tadqiqotlar O'zbekiston hududida amalga oshiriladi. Bu Buyuk Britaniyadagi o'zbek madaniy va arxeologik merosini tahlil qilish va o'rganish uchun noyob imkoniyatlardan biridir. Biz O'zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti, shuningdek, Samarqanddagi Ipak yo'li markazi bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yganmiz. O'ylaymizki, mazkur tadqiqotlar kelgusida arxeologik davrlarni kengroq o'rganishga turtki beradi", – dedi loyiha rahbari Milyana Radivoyevich.