LONDON, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari hokimliklarining investitsiya va eksportga mas’ul xodimlarining malakasini oshirish maqsadida Britaniyaning "MBF Academy" muassasasi rahbari va Bornmut universiteti professori Xurshid Jalilov o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv davomida xorijiy sarmoyalarni O'zbekistonga jalb etishda investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, xorijdan investorlarni taklif etish va tayyor loyihalarni amaliyotga tatbiq etish usullari va metodikasini o'rganish, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari uchun ilg'or, nufuzli hamda istiqbolli investitsiya loyihalarni tayyorlashda malaka oshirish, hududlarda kambag'allikni qisqartirish va yangi ish o'rinlarini yaratish, tovarlarning eskportini tizimli va davomiy tashkil etish va boshqa mavzularda qisqa muddatli o'quv kurslarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
"MBF Academy" muassasasi rahbari taklif etil mavzularda o'quv kurslarini tashkil etish va ularga nufuzli xorijlik mutaxassislarni jalb etish imkoniyati mavjudligi bildirdi.
Uchrashuv yakunida mazkur o'quv dasturlarini qisqa muddatlarda yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi.
"MBF Academy" tashkiloti Britaniyada ta’sis etilgan. U butun dunyo bo'ylab talabalar, universitetlar, tadqiqotchilar va amaliyotchilarni o'zaro bog'lash orqali xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlikka ko'maklashadi. Tashkilot, shuningdek, tadqiqot va kasbiy amaliyotni rivojlantirish maqsadida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari va ixtisoslashtirilgan o'quv dasturlari kabi xalqaro tadbirlarni ishlab chiqadi. Qisqa muddatli o'quv kurslariga muayyan sohaga tegishli mutaxassislar va professor-o'qituvchilar jalb etiladi. Hozirga qadar tashkilot tomonidan O'zbekiston vakillari uchun Britaniyada oflayn shaklda sakkizta o'quv dasturlari tashkil etilgan.