LONDON, 15-noyabr. "Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zolari lord Uorton, lord Veyverli, lord Moynixan, lord Rennard hamda Jamoatlar palatasi vakillari Bob Blekman, Nesil Kaliskan va Alan Gemmellar bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbatlar davomida Britaniya tomoni Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va so'nggi yillarda respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jabhalarda erishgan yutuqlari hamda O'zbekistonning Bokuda bo'lib o'tgan BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasida ilgari surgan tashabbuslari bilan batafsil tanishtirildi.
Britaniya parlamenti a'zolari O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, Londonni Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidlashdi.
Xorijiy tomon, shuningdek, O'zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi islohotlarni olqishlash barobarida Buyuk Britaniyaning respublikaning ushbu yo'nalishdagi tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan Britaniya parlamentining yangi a'zolari bilan aloqalarni jadallashtirish masalalari bo'yicha fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha muloqotni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.